Mahkumlar muddatidan avval ozod etildi
Sayyoramizga chang solgan pandemiya tufayli mamlakatimizda vaqtinchalik karantin qoidalari joriy etilgan shu kunlarda ham joylarda mahkumlarga nisbatan xalqimizga xos insonparvarlik tamoyillari yana-da keng namoyon boʻlmoqda.
Sayyoramizga chang solgan pandemiya tufayli mamlakatimizda vaqtinchalik karantin qoidalari joriy etilgan shu kunlarda ham joylarda mahkumlarga nisbatan xalqimizga xos insonparvarlik tamoyillari yana-da keng namoyon boʻlmoqda.
Ayni paytda yurtimizda jinoyat ishlarini koʻrish toʻxtatilgan boʻlsa-da, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasi asosida jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etish yuzasidan ichki ishlar organlari probatsiya guruhlari tomonidan kiritilayotgan taqdimnomalar tezkorlik bilan koʻrib chiqilayotgani bunga yaqqol dalildir.
Jinoyat ishlari boʻyicha Surxondaryo viloyati Angor tumani sudi ham tuman ichki ishlar boʻlimining bir guruh mahkumlarni oʻtalmay qolgan ozodlikni cheklash jazosidan muddatidan ilgari ozod etish, belgilangan jazo davri uchun yuklatilgan barcha majburiyatlarni olib tashlash haqidagi taqdimnomasini koʻrib chiqib, qanoatlantirdi.
Mahkum I.Amirqulov transport vositalari harakati xavfsizligi qoidalarini buzib, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan. Jinoyat ishlari boʻyicha Angor tuman sudining 2019-yil 26-martdagi hukmiga koʻra, u ikki yil muddatga barcha turdagi transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilib, oylik ish haqining 30 foizi miqdorida davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda uch yil muddatga axloq tuzatish ishi jazosi tayinlangan. Hozirgacha jazoning 1 yil 15 kunini oʻtagan mahkum shu davrda mehnatga halol munosabatda boʻlib, belgilangan chegirma pullarni oʻz vaqtida koʻchirib turgan. Oʻzini yaxshi tomonlama koʻrsatib, yashash joyidan ijobiy tavsiflangan. Qilgan qilmishidan pushaymon boʻlib, toʻgʻri xulosa chiqargan. Sud ajrimi bilan u oʻtalmasdan qolgan 1 yil 11 oy 15 kun axloq tuzatish ishi jazosidan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi.
Shu kuni boʻlib oʻtgan ochiq sud majlisida shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan aybli, deb topilib, Jinoyat kodeksining 57-moddasi qoʻllangan holda 1 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan angorlik ayol oʻtalmay qolgan 7 oy 21 kun ozodlikni cheklash jazosini oʻtash muddatidan ilgari shartli ozod qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi JKning 135-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyati uchun jinoyat ishlari boʻyicha Angor tumani sudining 2018-yil 24-sentyabrdagi hukmi bilan tegishli jazo olgan yana bir ayolning 5 oy 1 kun sinov muddati davomida unga yuklatilgan barcha majburiyatlar olib tashlandi.