Mahalliylashtirishda innovatsion g‘oyalar
Qarshi shahrida Toshkent kimyo-texnologiya institutining Gazni qayta ishlash kimyoviy texnologiyasi kafedrasi tashabbusi bilan “O‘zbekneftgaz” AJ hamkorligida “Mahalliylashtirishda innovatsion yondashuvlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Toshkent kimyo-texnologiya instituti rahbariyati, 60 nafarga yaqin professor-o‘qituvchi hamda soha mutaxassislari, shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJ hamda yirik korxona rahbarlari, xodimlar, chet ellik mehmonlar va investorlar ishtirok etgan anjumanning hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi doirasida tashkilotlar tomonidan ko‘rgazmalar ham tashkil qilindi.
Anjumanning yalpi majlisi respublika hamda xalqaro miqyosdagi olimlar, professorlar va neft-gaz sohasida ilmiy izlanish olib borayotgan izlanuvchilarning ma’ruzalari bilan boshlandi. Kunning ikkinchi yarmida anjuman ishtirokchilari uch shu’baga bo‘lingan holda ishini davom ettirdi.
Ma’ruzachilar o‘rtasida “Eng yaxshi innovatsion g‘oya”, “Eng yaxshi innovatsion taqdimot” yo‘nalishlari hamda shu’balar g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
N.Bozorova, O‘zA muxbiri