Mahalliylashtirish va kooperatsiyaning samarali mexanizmi
“O‘zekspomarkaz”da Madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari kompleksining tarmoq sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi boshlandi.
“O‘zekspomarkaz”da Madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari kompleksining tarmoq sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi boshlandi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 13-martdagi “2015-yilda Xalqaro sanoat yarmarka va Kooperatsiya birjasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘tkazilmoqda.
Tarmoq sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasini o‘tkazishdan asosiy maqsad ishlab chiqarish va qayta ishlangan xomashyo, material va butlovchi buyumlar, tayyor mahsulotlarni yetkazib berishda uzoq muddatli xo‘jalik munosabatlarini kengaytirish, tarmoq va tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish asosida yangi turdagi sanoat mahsulotlarini o‘zlashtirish, mamlakatimizda mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etishni rejalashtirayotgan xorijiy hamkorlar va bo‘lajak xaridorlarni jalb etishda korxonalarga ko‘maklashishdan iborat.
Avval o‘tkazilgan tadbirlar natijalari sanoat forumini tashkil etish va o‘tkazish samaradorligidan dalolat beradi. Chunonchi, 2014-yilda Madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari kompleksining tarmoq sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida 224 korxona 700 turdagi mahsulotini taqdim etgan edi. Ushbu mahsulotlarning 45 turi mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha o‘zlashtirilgan. Tadbirga tashrif buyurganlar orasida xorijiy firma va kompaniyalar vakillari ham bor edi. Tadbir yakuniga ko‘ra, umumiy qiymati 82,5 milliard so‘mlik va 0,6 million dollarlik shartnomalar imzolangan edi.
Joriy yilda ishtirokchilar soni va ular tomonidan taqdim etilayotgan mahsulotlar miqdori qariyb ikki marta ko‘paydi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, Fanlar akademiyasi, “O‘zfarmsanoat” davlat aksiyadorlik konserni, “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi va boshqa tuzilmalar tarkibidagi to‘rt yuzdan ziyod korxona va tashkilot 1,5 ming turdan ziyod mahsulotni namoyish etmoqda. Shuning yuzdan ortig‘i yangi mahsulotlardir.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, tarmoq sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi ishtirokchilari sonining ortib borayotganini mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlantirilayotgani, Prezidentimizning shu yil 11-fevraldagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan 2015-2019-yillar uchun tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi bilan izohlash mumkin.
Mebel sanoati vakillari keng turdagi mahsulotlar, jumladan, uy va ofis, tibbiyot va ta’lim muassasalariga mo‘ljallangan mebel mahsulotlarini taklif etayotir. Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, mamlakatimiz kompaniyalari jahon brendlaridan andoza olib, ularning ilg‘or tajribalaridan ishlab chiqarish va ichki bozorni mahsulot bilan ta’minlashda foydalanmoqda. Buning samarasida yurtimiz ishlab chiqaruvchilari ichki mebel bozorining sezilarli qismini egalladi va yuqori iste’mol reytingiga sazovor bo‘ldi.
– Korxonamiz 2010-yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda, – deydi “Mehau Trade” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Yoqub Ahmadjonov. – O‘tgan davrda tarmoq, shuningdek, Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida muntazam ishtirok etib kelmoqdamiz. Buning samarasida maktabgacha ta’lim muassasalari, oliy o‘quv yurtlari va tibbiyot tashkilotlari bilan yaqin aloqa o‘rnatdik. 2014-yilda mahsulot yetkazib berish yuzasidan yigirmaga yaqin shartnoma imzolagan edik. Joriy yilda bitimlar sonini ko‘paytirishni rejalashtirmoqdamiz. Negaki, stendimizda o‘nga yaqin turdagi yangi mahsulot, jumladan, o‘yin maydonlari, modul bloklar va bolalar mebellari namoyish etilmoqda.
Bolalar sporti obyektlari va umumta’lim maktablarining sport zallari, sohaga aloqador davlat idoralari, sport klublari, tibbiyot-sog‘lomlashtirish, reabilitatsiya markazlari, bolalar sport o‘quv muassasalari uchun inventar va jihozlar ishlab chiqaradigan korxonalar ekspozitsiyasi alohida qiziqish uyg‘otmoqda. Bu yerda namoyish etilayotgan sport tovarlari namunalari – gimnastika tayoqchalari, brus, sport to‘siqlari, gimnastika o‘rindiqlari, basketbol shchitlari, tennis stoli, mini-futbol darvozasi va boshqa mahsulotlar xalqaro sifat standartlariga javob beradi va narxi ham arzon.
– Ushbu tadbir bizga nafaqat yutuqlarimizni namoyish etish, balki xomashyo ta’minotchilari va xaridorlar bilan yangi aloqalar o‘rnatish imkonini bermoqda, – deydi “Elektronika” ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Said Rahmonov. – Bugun mutlaqo yangi mahsulot – turli sport o‘yinlariga mo‘ljallangan masofadan boshqariladigan elektron tabloni omma e’tiboriga havola qilmoqdamiz. Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlik qilamiz, degan umiddamiz. Shuningdek, mahalliylashtirish dasturiga qo‘shilish va konsert zallari, stadion va ko‘chalar uchun videoekranlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtiryapmiz.
Tarmoq sanoat yarmarkasi ekspozitsiyasining asosiy qismini “O‘zfarmsanoat” davlat aksiyadorlik konserni va “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari korxonalari egallagan. Ularning aksariyati kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ekani e’tiborga loyiq.
Yosh tadbirkor Bobur Zokirovning ekspozitsiyasi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda. Uning “Ziyo globus” xususiy korxonasi joriy yilda mahalliylashtirish dasturiga kiritildi. Bu kelajakda ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish imkonini beradi.
– Korxonada o‘quv muassasalari uchun 25 dan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda, – deydi B.Zokirov. – Ishlab chiqarish jarayoniga kasb-hunar kollejlarining 35 nafar bitiruvchisi jalb etilgan. Bir oyda 300 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarmoqdamiz. Turli shakldagi globuslar, dunyoning siyosiy va tabiiy xaritalari, bolalarga mo‘ljallangan chet tillarni o‘rganish kitoblariga talab yuqori. Tarmoq sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida ishtirok etib, Xalq ta’limi vazirligi muassasalari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish niyatidamiz.
Ta’kidlash joizki, sanoat forumi doirasida ishtirokchi korxonalar o‘z mahsulotlarini namoyish etib, hamkorlik uchun takliflar beradi va muzokaralar o‘tkazadi, shartnomalar imzolaydi. Shuningdek, yangi turdagi sanoat mahsulotlarini o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishadi.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov so‘zga chiqdi.