Mahalliy xomashyodan eksportbop mahsulot
Joriy yilda Toshkent viloyatidagi o‘n uchta korxonada mahalliylashtirish dasturi asosida 39 loyiha bo‘yicha tayyor mahsulot, jumladan, butlovchi qism va detallar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Joriy yilda Toshkent viloyatidagi o‘n uchta korxonada mahalliylashtirish dasturi asosida 39 loyiha bo‘yicha tayyor mahsulot, jumladan, butlovchi qism va detallar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Prezidentimiz rahnamoligida eksportbop va import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishni rag‘batlantirish, ichki tarmoq va tarmoqlararo, korxonalar o‘rtasida kooperatsiyani mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining shu yil 4-fevralda qabul qilingan 2014-2016-yillarda sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi qism va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori bunda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Ushbu hujjatga muvofiq, ishlab chiqaruvchilarga bir qator imtiyozlar berilayotgani soha rivojiga xizmat qilayotir. Texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlanayotgan korxonalarda xaridorgir, zamonaviy va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi ortmoqda.
Buni Bo‘stonliq tumanidagi «Lotos gold» O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasi misolida ham ko‘rish mumkin. Ayni paytda bu yerda mahalliylashtirish dasturi asosida besh turdagi kir yuvish kukunlari ishlab chiqarilmoqda.
– Joriy yilning o‘tgan davrida korxonamizda tayyorlangan besh ming tonnadan ziyod mahsulot ichki va tashqi bozordagi doimiy mijozlarimizga yetkazib berildi, – deydi «Lotos gold» rahbari o‘rinbosari Ulug‘bek Qudratov. – Kelgusida bu ko‘rsatkichni qariyb ikki barobar oshirish rejalashtirilgan.
Bir yuz o‘ttiz nafarga yaqin ishchi-xizmatchi mehnat qilayotgan korxonada tayyorlanayotgan mahsulotlarning 60 foizi mahalliylashtirilgan. Keyingi yil bu ko‘rsatkich yanada yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Toshkent viloyati iqtisodiyot boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, joriy yilning o‘tgan davrida Zangiota, Yangiyo‘l va Yuqori Chirchiq tumanlaridagi «Hi-tech kabel», «Neogalenpharm», «Uzgermed pharm» kabi korxonalarda 60 milliard so‘mlikdan ziyod mahsulot ishlab chiqarilgan. Uning bir qismi ichki bozorga sotilgan bo‘lsa, ma’lum foizi chet davlatlarga eksport qilindi.
Mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha yangi loyihalar Chinoz, O‘rta Chirchiq, Parkent, Ohangaron, Piskent, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlari hamda Olmaliq va Bekobod shaharlarida ham amalga oshirilmoqda.