Mahalliy Kengashlar deputatlari o‘qitilmoqda
Oliy Majlis Senati tomonidan mahalliy Kengashlar deputatlari uchun tashkil etilgan navbatdagi o‘quv- seminarda Xalq deputatlari Samarqand viloyati hamda tuman, shahar Kengashlari deputatlari ham ishtirok etmoqda.
Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilayotgan seminarning birinchi kungi mashg‘ulotlarida davlatimiz rahbarining Oliy Majlis palatalari birinchi majlislarida so‘zlagan nutqida belgilab berilgan ustuvor vazifalar va ularni amalga oshirishda mahalliy Kengashlarning roli haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, parlament palatalari, xususan Senatning mahalliy Kengashlar bilan hamkorligi, mahalliy Kengashlar deputatlari maqomi va deputatlik faoliyatining kafolatlari haqida ma’ruzalar tinglandi.
[gallery-20997]
Oliy Majlis Senati, Prezident Administratsiyasi, vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari, Davlat boshqaruvi akademiyasi va Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari seminar ishtirokchilarida Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarida doimiy komissiyalar, partiya guruhlari va deputatlar faoliyatini to‘g‘ri va samarali tashkil etish, mahalliy byudjetni shakllantirish, uning ijrosi ustidan samarali deputatlik nazoratini amalga oshirish, hududlarni rivojlantirish dasturlarini shakllantirish, tasdiqlash hamda ijrosi yuzasidan nazorat-tahlil faoliyatini olib borish masalalari yuzasidan atroflicha tushuncha berdi.
– Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatning birinchi majlislarida Prezidentimiz yangi shakllangan parlament va mahalliy Kengashlar yangicha asosda faoliyati ko‘rsatishi zarurligini ta’kidladi, – deydi Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati Badriddin Nasriyev. – Ayniqsa, Xalq deputatlari viloyat Kengashlari endilikda ijro hokimiyatining bir qator vakolatlariga ega bo‘lgan holda, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda faol ishtirok etishi zarurligi ko‘rsatib o‘tilgandi. Seminarda ayni jihatlarning huquqiy asoslari va nazorat faoliyatini amalga oshirish mexanizmlari tushuntirilayotgani deputatlar uchun foydali bo‘lmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari