Mahallaning yangi binosi aholi xizmatida
Navoiy viloyati Karmana tumanidagi “Yangi varq” mahalla fuqarolar yig‘ini binosining foydalanishga topshirilishi mahalla ahliga Navro‘z bayrami va 22 mart – “Mahalla tizimi xodimlari kuni” munosabati bilan munosib sovg‘a bo‘ldi.
2022 yilining 25 oktyabrida respublika hududlarini obod qilish, qishloq va mahallalarda infratuzilma bilan bog‘liq eng dolzarb masalalarni tizimli hal etish, xususan, joylarda ichki yo‘llar, ichimlik suv, elektr energiyasi va gaz ta’minotini, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va boshqa infratuzilma ob’ektlarini yaxshilash, shu asosda aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish maqsadida “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Prezident qarori qabul qilingan edi.
Unga ko‘ra, barcha hududlarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlarini tizimli va rejali amalga oshirish uchun “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar dasturlari doirasida amalga oshiriladigan tadbirlarning yig‘ma parametrlari” tasdiqlangan.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan viloyatda keng qamrovli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. “Yangi varq” MFY binosi “Muzaffar Shahribonu poydevori” MCHJ tomonidan qisqa muddatlarda 850 million so‘m mablag‘ evaziga bunyod etildi.
– Binomizning qurib foydalanishga topshirilishi biz uchun haqiqiy bayram sovg‘asi bo‘ldi, – deydi mahalla raisi Hamid Ochilov. – Mahallamiz 2022 yil 1 yanvardan rasman faoliyatini boshlagan. Shu kunga qadar mahalla binosi yo‘q edi, fuqarolar uyida faoliyat olib borilgan. Ayni paytda 720 ta xonadonda 3515 nafar aholi istiqomat qiladi. Yangi binoda xodimlarning ish olib borishi uchun barcha sharoit va qulayliklar mavjud. Davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan bu kabi imkoniyatlardan unumli foydalangan holda aholimizning turmush tarzini yanada yaxshilash, ishsizlik darajasini kamaytirish uchun bor kuch-g‘ayratimizni ishga solamiz.
Mahalla binosining ochilish marosimida mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi va bu yerda yaratilgan kulayliklar bilan yaqindan tanishildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA