Mahallaning kuchi ham, imkoniyatlari ham ko‘p
So‘nggi yillarda mamlakatimizda mahalla institutining maqomi oshirilib, vakolatlari kengaytirildi. Buning natijasida mahalla tadbirkorlik va bandlik markaziga, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar hal etiladigan yaxlit maskanga aylanmoqda.
Mahallada jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikni kamaytirishga qaratilgan islohotlar hayotga tatbiq qilinmoqda. Bu borada mahallaning kuchi ham, ishga solinmagan imkoniyatlari ham ko‘p.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ayni shu imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi. Mahallalarda jinoyatchilikning oldini olishning yangi tizimini yaratishga qaratilgan qaror “Barchasi – inson qadri uchun” g‘oyasiga sodiqlikning namoyon bo‘lishi hisoblanadi. E’tirof etish kerakki, mahallalarda va aholi yashaydigan joylarda xavfsiz muhitni yaratishni maqsad qilgan davlatda investitsiya oqimi, turizm va madaniyat yuqori suratlarda rivojlanadi.

Mazkur qaror bilan mahallalarda, jamoat joylarida va aholi yashash maskanlarida xavfsiz muhit yaratish, fuqarolar hayoti, sog‘ligi va mol-mulkiga har qanday tajovuzlarning oldini olish maqsadida huquqbuzarliklar profilaktikasiga zamonaviy raqamli texnologiyalar va texnik vositalarni keng joriy etish belgilanmoqda. Ushbu ishlar joriy yilda raqamli xavfsiz mahalla konsepsiyasi asosida respublikaning barcha mahallalarida manzilli ravishda amalga oshiriladi. Bunda Ichki ishlar vazirligining “Xavfsiz shahar” markazi tomonidan har bir mahallaning asosiy kirish-chiqish joylariga, shaxsni identifikatsiya qiluvchi va transport vositalarining davlat raqamini tanib oluvchi qurilmalar, hovlilarda aqlli videokameralar, yo‘laklarda zamonaviy domofonlar hamda uylarda texnik qo‘riqlash moslamalari o‘rnatilishi tashkil etiladi.
Shuningdek, qarorga muvofiq, aholining huquqiy ongi, ijtimoiy mas’uliyatini oshirishga jamoatchilik vakillari, nuroniylar va mahalla faollari keng jalb etiladi. Darhaqiqat, so‘nggi yillarda mahallalardagi muammolarning o‘z vaqtida va samarali hal etilishida nuroniylar bilan mahalla yettiligining uzviy hamkorligi ta’minlanayotganligi, nuroniylarning boy hayotiy tajribasidan foydalanish tizimi yo‘lga qo‘yilganligi o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.
Hujjat bilan, mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha 2025 yil birinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan manzilli chora-tadbirlar dasturi hamda “viloyat-tuman-mahalla” darajalari bo‘yicha choraklik namunaviy “Yo‘l xaritalari” tasdiqlandi. Ularning ijrosini ta’minlashda tizimli nazorat qilib borish maqsadida Bosh prokuratura huzurida 2025 yil davomida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi respublika idoralararo muvofiqlashtirish ishchi guruhi tuzilishi belgilangan.
Bundan asosiy maqsad, joriy yilda barcha darajadagi mas’ul rahbarlar pastga tushib, bevosita mahallalarda ishni tashkil qiladi va nomma-nom biriktirilgan mahallaga javobgarlikni oladi. Joriy yilda mahalla jinoyatchiligini jilovlash bo‘yicha har bir mas’ul idora va muassasa tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijalari yuzasidan so‘rov tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Yangi tizim bo‘yicha mahallada natija ko‘rsatgan mas’ullar, albatta, rag‘batlantiriladi, ishlamagani bo‘lsa jazolanadi.
Mazkur qaror mahallalarda huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi faoliyatni 2025 yilda sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga, bu borada mas’ul davlat organlari va muassasalari tomonidan manzilli chora-tadbirlar ko‘rilishiga xizmat qiladi.
Almagul Bayriyeva,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati,
O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA