Mahallalardagi har bir oila – e’tiborda
“Mahalla yettiligi” tomonidan aholining yashash sharoitlarini yaxshilash va turmush darajasini o‘zgartirish bo‘yicha muayyan tizim yaratildi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda aholi bilan ochiq muloqot qilish orqali ularning muammo va ehtiyojlarining 80 foizdan ortig‘i mahallada hal etilmoqda. “Mahalla yettiligi” hamkorligi natijasida 2025 yilning o‘tgan davrida mahallani ishsizlikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha 4,4 million nafar aholi daromadli mehnatga jalb qilindi. Natijada 1 ming 527 ta mahalla ishsizlikdan xoli hududga aylantirildi.
Mahallani kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha 1,3 million oila xatlovdan o‘tkazilib, “yettilik”ning qaroriga asosan 691 mingtasi reyestrga kiritildi. Kambag‘al oila va ulardagi oila a’zolari bilan ishlash bo‘yicha individual rejalar ishlab chiqilib daromadini oshirishga qaratilgan 676 mingta xizmatlar ko‘rsatildi. Bu jarayonda ehtiyojmand oila vakillarini ishga joylashtirish, tadbirkorlikka jalb etish, kredit ajratish, kasbga o‘qitish borasida qator amaliy ishlar olib borildi.
Mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha barcha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida jinoyat sabablari muhokama qilinib, xavfsizlik chora-tadbirlari kuchaytirildi.
Ehtiyojmand oilalarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish jarayonida profilaktik hisobda turgan 461 ming 531 nafar shaxsga huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ko‘cha (uy) boshlar, nuroniy, imom-xatib va otinoyilar biriktirildi. Muqaddam sudlanganlar muammolari hal etildi, jumladan, ularning bandligini ta’minlash, zarur tibbiy yordam ko‘rsatish, tadbirkorlikka jalb qilish, uy-joy bilan ta’minlash, uy-joyini ta’mirlash, yoshga doir nafaqa puli tayinlash hamda o‘zini o‘zi band qilishda ko‘maklashildi. Buning natijasida 4 ming 714 ta mahalla jinoyatchilikdan xoli hududga aylandi.
Ma’lumki, oilalar tinchligi to‘kinlik va ma’murlik, farovonlikning asosiy omili. Mahallani oilaviy ajrimdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha aniqlangan 641 mingta xotin-qizlar muammolaridan 614 mingtasi hal etildi. Ajrim yoqasidagi 39 ming 964 ta oila yarashtirildi, 701 ming 757 nafar xotin-qizlarga yordamlar ko‘rsatildi.
Og‘ir toifadagi 1 ming 4 ta mahallaga biriktirilgan 247 nafar rahbarlar tomonidan 54 ming 120 ta kambag‘al oilaning 12 ming 413 ta (84 %) muammosi hal etildi.
Inson qadr-qimmatiga ustuvor e’tibor qaratish bosh g‘oyaga aylangan islohotlar jarayonida odamlarning dardu tashvishlari bilan yashash, ularning muammolarini o‘rganish, muhtojlarga ko‘mak ko‘rsatish mamlakatimizda davlat siyosatining ajralmas qismiga aylangani har bir oila, har bir fuqaro taqdirida o‘zining yorqin ifodasini topmoqda.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri