Mahallalarda yoshlarning iqtidori, qiziqish va muammolari o‘rganilmoqda
“Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” munosabati bilan respublikamizdagi 9 ming 448 ta mahallada faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilari tomonidan 5 yanvardan “Yoshlar balansi”ni shakllantirish ishlari boshlangan. “Yoshlar balansi”ni shakllantirish ishlari 25 yanvarga qadar respublikamizdagi barcha mahallalarda xonadonbay yurib amalga oshiriladi.
Xo‘sh, yoshlar balansi nima uchun shakllantirilyapti? Qaysi tamoyillar asosida yoshlar ro‘yxatga olinyapti?
Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi “Yoshlar daftari” tizimini muvofiqlashtirish bo‘limi bosh mutaxassisi Lochinbek Mirzodilov quyidagilarni ma’lum qildi:
– Mazkur "Yoshlar balansi” joylarda yoshlarning qiziqish va muammolarini individual tarzda o‘rganish hamda yoshlarga doir demografik ma’lumotlarni yanada aniqlashtirishni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etildi.


25-30 yanvar kunlari davomida o‘tkazilgan xatlovlar to‘liq tahlil qilinadi hamda individual ishlash tizimini joriy etish maqsadida yoshlar bandlik hamda ijtimoiy holatiga ko‘ra 3 ta toifaga jumladan, yashil, sariq, qizilga ajratiladi. 1-10 fevral kunlari davomida xatlovlarda aniqlangan “og‘ir” toifadagi yoshlar bilan individual suhbatlar tashkil etiladi va muammolariga mos holda mas’ul rahbarlarga biriktirilishi belgilangan.
Mas’ul rahbarlar tomonidan o‘zlariga biriktirilgan “og‘ir” toifadagi yoshlar muammolarini o‘rganish va ularni bartaraf etishga ko‘maklashish ishlari esa 1 mart sanasidan boshlanishi belgilangan. Shuningdek, xatlov yakunlariga ko‘ra, yoshlarning qiziqishi va istaklarini hisobga olgan holda ular bilan ishlash bo‘yicha turli dasturlar, xususan, ishsiz va bitiruvchi yoshlar bilan ishlash bo‘yicha “Yoshlar bandligi dasturlari”, jinoyat sodir etishga moyil yoshlar bilan ishlash bo‘yicha “Harakatlar rejasi” ishlab chiqiladi.


Bugungi kunda, respublikamizdagi barcha hudud va tuman-shaharlarda “Yoshlar balansi”ni shakllantirish ishlarini yo‘lga qo‘yish va muvofiqlashtirish bo‘yicha 222 ta shtab tarkiblari tasdiqlanib, faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Joylarda tashkil etilgan shtablar yoshlar yetakchilariga uslubiy va amaliy ko‘mak beradi, amalga oshirilayotgan kunlik xatlov ishlarini tahlil qilib boradi, xatlovlar davomida aniqlangan yoshlar ma’lumotlarini “Yoshlar balansi” elektron platformasiga kiritilishini ta’minlaydi, xatlov yakunida mahalla-sektor-tuman-hudud darajasida bandlik dasturlari hamda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kalendar rejalarini ishlab chiqadi va amaliyotga tatbiq etishni yo‘lga qo‘yadi.
Xonadonbay xatlovlar davomida yoshlarga ularning iqtidori, qiziqish va muammolaridan kelib chiqib 20 turdagi loyihalar va tanlovlar hamda 30 ta turdagi zaruriy yordamlar yoshlar yetakchilari tomonidan taklif etib borilmoqda. Shu bois, joriy yilda amalga oshirilayotgan xatlovlar iqtidorli yoshlarni kashf qilish hamda yoshlarning qiziqishlarini o‘rganishga qaratilgani bilan xarakterlanadi. Xususan, yoshlar yetakchilariga yoshlarning iqtidori, muammolari hamda ularning qiziqishlarini onlayn tarzda “Yoshlar balansi” elektron platformasiga kiritib borish imkoniyati yaratilgan.
Shuningdek, shu kunga qadar amalga oshirilgan xatlovlar davomida jami 68 448 nafar ijtimoiy-iqtisodiy ko‘makka muhtoj yoshlar turli yo‘nalishlarda yordam ko‘rsatish maqsadida “Yoshlar daftari”ga kiritish uchun tavsiya etilgan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA