Mahallalarda xavfsizlik ustuvor vazifa
Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi A. Eshmuratov, qo‘mita a’zosi Z. Bekatova, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tarmoq rahbari A. Kamilov, Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti direktori Y. Kanyazov, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha viloyat hududiy kengashi a’zolari, viloyat hokimining sohaga mas’ul o‘rinbosarlari, viloyat prokurori, viloyat IIBB boshlig‘i hamda tuman va shahar studiyalaridan qizil toifaga kiritilgan 64 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarining "yettilik" tarkibi vakillari ishtirok etdi.

Sessiyada Toshkent viloyatida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat xavfsizligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda mazkur yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, har bir mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirishda ichki ishlar organlari, prokuratura, mahalla "yettiligi" va tegishli davlat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligi muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, ayrim hududlarda ishlab chiqilgan "yo‘l xaritalari" ijrosiga mas’uliyat bilan yondashilmayotgani, profilaktik ishlar yetarli darajada tashkil etilmayotgani qayd etildi.

Yig‘ilishda sudlangan hamda probatsiya nazoratidagi shaxslarning bandligini ta’minlash ishlarini kuchaytirish zarurligi aytildi. Jinoyatlarning muayyan qismi ishsiz fuqarolar tomonidan sodir etilayotgani qayd qilinib, ularni ish bilan ta’minlash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini kengaytirish yuzasidan vazifalar belgilandi.
Muhokamalar davomida hududlardagi mavjud muammolar tahlil qilinib, mas’ul tashkilotlar rahbarlarining hisobotlari eshitildi. Korrupsiyaviy xavflarni bartaraf etish, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Shuningdek, viloyat byudjeti qo‘shimcha manbalari hisobidan mablag‘larni yo‘naltirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Muhokamalarda maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash muassasalarida korrupsiyaviy xavflarni bartaraf etish, xodimlarning xizmat odobi, kasbiy mas’uliyati va lavozim vazifalarini puxta bilishini ta’minlash yuzasidan mavjud kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi.
Yakunda kun tartibidagi barcha masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinib, belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta’minlash yuzasidan mas’ul tashkilotlarga aniq topshiriqlar berildi.
A.Musayev, O‘zA