Mahallalarda xavfsiz muhit yaratiladi
Davlatimiz rahbarining shu yil 3 yanvarda imzolangan “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini amaliyotga tatbiq etish maqsadida ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi respublika ishchi guruhi Samarqand viloyatida o‘rganish ishlarini boshladi.
Ichki ishlar vaziri Urgut tumani Mergancha mahallasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va “mahalla yettiligi” faoliyati, shuningdek, tartibli mehnat migratsiyasi bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ishchi guruh mahallada ish uslubi samarasiz tashkil etilgani, profilaktika inspektorining ishlari qoniqarsiz ekanligi bois mahalla “qizil” toifaga tushib qolganligini tanqid qildi.
Tuman sektorlari rahbarlari, hamkor tashkilotlar mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlatimiz rahbarining qarori mohiyati, uni amalga oshirish mexanizmlari yuzasidan fikrlar bildirilib, zarur chora-tadbirlar belgilandi.
P.Bobojonov Toyloq tumani Charog‘bon mahallasida ham bo‘lib, tuman sektorlari rahbarlari ishtirokida mazkur hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va “mahalla yettiligi” faoliyati, shuningdek, ichkilikka ruju qo‘ygan, giyohvand, ruhiy kasallar va boshqa ijtimoiy ko‘makka muhtoj shaxslarga manzilli tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Muloqot davomida huquqbuzarliklar profilaktikasini “Yo‘l xaritasi” asosida to‘liq ijro etish hamda ijtimoiy profilaktika tizimini samarali yo‘lga qo‘yish, yangi ish o‘rinlari yaratib, fuqarolar, ayniqsa, yoshlar va ayollarning bandligini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga zarur tavsiya va topshiriqlar berildi.

Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi respublika ishchi guruhi Pastdarg‘om tumani mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishdi.
Jumladan, o‘tgan yil viloyat uchinchi sektori tomonidan “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezoni asosida bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan Go‘zalkent mahallasida tuman sektorlari rahbarlari, “mahalla yettiligi” va boshqa mas’ullar ishtirokida “Namunali xavfsiz ko‘cha“ va “Namunali xavfsiz yo‘lak“ joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.

Shuningdek, respublika ishchi guruhi tumanda “Xavfsiz bozor” namunasini yaratish, videokamera, signalizatsiya, tashvish tugmasi, xavf-xatardan xabar beruvchi uskuna, avtoturargoh tashkil etish bo‘yicha Pastdarg‘om tumanidagi “Juma dehqon bozori”da amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Ishchi guruh viloyatning barcha shahar va tumanlarida qarorning mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda ijrosini ta’minlash ishlarini olib bormoqda.
G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri