Mahallalar “yettiligi” o‘zaro tajriba almashmoqda
Prezident tashrifidan so‘ng...
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 16-17 noyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida mahallabay ishlash tizimi faoliyati yuzasidan sektor rahbarlarining axborotini tinglab, “yettilik” ishini namunali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli vazifalarni belgilab bergan edi. Shunga muvofiq joylarda mazkur masalaga bag‘ishlangan seminarlar tashkil etilmoqda.
Unda “mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etish, ularning vazifa va majburiyatlarini tushuntirish, barcha ishlarni namunali yo‘lga qo‘yish hamda kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar haqida atroflicha fikr almashilayotir.
Davlatimiz rahbari raisligida 26 sentyabr kuni mahallabay ishlash tizimini yanada kuchaytirish, “mahalla yettiligi”ni tashkil qilish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida o‘zini o‘zi boshqarish organlarini joylarda muammolarni hal etadigan chinakam institutga aylantirish uchun “yettilik tizimi” faoliyatini yangi yondashuvlar asosida tashkil qilish chora-tadbirlari belgilangan edi. Mahallalarda joriy etilgan bu amaliyot ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarga yordam berish, aholi bandligi, jinoyatchilik, oilalarda zo‘ravonlikning oldini olish va ijtimoiy muhofazasi singari hududdagi barcha masalalarni bir joyda hal etishda o‘z samaralarini bermoqda.
[gallery-14777]
Termiz shahrida mahalla raislari uchun o‘tkazilgan seminarda ishtirokchilar O‘zbekiston mahallasida faoliyat yuritayotgan “mahalla yettiligi”, boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati, “Vatanparvarlar” harbiy–vatanparvarlik bog‘i, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi binosi bilan tanishdi. Amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari ko‘zdan kechirildi.
Joriy yilda O‘zbekiston mahallasi katta o‘zgarish va yangilanishlarga yuz tutdi. Ko‘p qavatli va yakka tartibdagi turar joy binolarida ta’mirlash ishlari olib borildi. Ko‘chalar tubdan ta’mirlanib, aholi va transport vositalari qatnovi uchun barcha sharoit yaratildi. Bolajonlar uchun o‘yingohlar barpo etilib, jihozlandi. Mahalla va boshqaruv servis kompaniyasi binosi, tikuvchilik sexi, mo‘’jazgina kutubxona hudud chiroyiga o‘zgacha husn qo‘shdi.
Mahalladagi 25 ta ko‘p qavatli va 264 ta yakka tartibdagi uy-joyda 1 ming 230 xonadon istiqomat qiladi.
–Hududimizda turli millatga mansub 4 ming 744 kishi yashaydi,–deydi mahalla raisi Dilafro‘z Toshboyeva.–Olib borilgan qurilish–ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari, ayniqsa, ko‘p qavatli uylarimizning qiyofasini tubdan yangilab, aholi uchun qulay sharoit yaratdi. Qisqa vaqtda yuz bergan bu o‘zgarishlar yoshu keksaning faxr-iftixor hissini yuksaltirib, hayotidan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda. Keng, ravon, yorug‘ ko‘chalar va piyodalar yo‘laklari ham odamlarimiz qalbiga bir olam quvonch ulashmoqda.
Termiz shahridagi San’at saroyida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda “mahalla yettiligi” faoliyatini yo‘lga qo‘yishda mahalla raislarining o‘rni va vazifalari muhokama etildi. Ularga yuklatilgan vazifalar aks etgan taqdimotlar o‘tkazildi. Shuningdek, viloyatda mahallalarni yanada obodonlashtirish bo‘yicha “dolzarb 10 kunlik” e’lon qilinib, mahalla raislariga barcha mahalla, ko‘cha va xonadonlarda obodonlashtirish – ko‘kalamzorlashtirish yumushlarini amalga oshirish hamda bu ishlarni uyushqoqlik bilan sifatli tashkil etish yuzasidan aniq vazifalar yuklatildi.
Surxondaryo viloyatida 724 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud. Endilikda mahallalardagi "beshlik"ka soliqchi va mahallaning o‘zida yolg‘iz keksa, nogiron va boshqa muhtojlarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodim qo‘shilib, barchasi birgalikda ishlaydigan “yettilik” tashkil etilgani odamlarning tinch, farovon turmushi va obod hayotini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda. Joylardagi masalalarni hal etishda ular o‘z yondashuvi, o‘z yo‘nalishidan kelib chiqib, faoliyat yuritmoqda. Jumladan, Jarqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan seminarda profilaktika inspektorlarining mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish va boshqa vazifalari o‘rganildi. Sodir etilgan jinoyatlar ochilishida namuna bo‘lgan profilaktika inspektorlarining bir guruhi taqdirlandi. Qumqo‘rg‘on tumanidagi seminar xotin-qizlar faollari faoliyatiga bag‘ishlangan bo‘lsa, ishtirokchilar Sho‘rchida hokim yordamchilari, Denovda yoshlar yetakchilari, Sariosiyo tumanida soliqchi va ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodim ishi bilan tanishdi.
Hududiy seminarlarda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etmoqda.
Bunday tadbirlar viloyatning boshqa tumanlarida ham tashkil etiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri