Mahallalar osoyishtaligi doim e’tiborda
Davlatimiz rahbarining hududlarda kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatchilikni jilovlash va mahallalarda osoyishtalikni ta’minlash bo‘yicha belgilagan vazifalarning amaliy ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent viloyati IIBB boshlig‘i, polkovnik Abduvosit Abdurazaqov boshchiligidagi ishchi guruh Toshkent hamda Qibray tumanida o‘rganish ishlarini olib bordi.
Jarayonda ichki ishlar bo‘limlari shaxsiy tarkibining amalga oshirayotgan tungi xizmat faoliyati, hududlarda qo‘llanilayotgan xavfsizlik choralarining samaradorligi va ularning natijalari tizimli ravishda o‘rganildi. Xususan, tunda sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, fuqarolar osoyishtaligini ta’minlash maqsadida tegishli tartibda xizmatni tashkil etish holati nazoratdan o‘tkazildi.

Toshkent tumanida 29-sonli mahalla huquq-tartibot maskani faoliyati hamda Gultepa mahallasida joylashgan “Qoplonbek” bojxona chegara postidagi IIO xizmat jarayonlari ko‘zdan kechirildi. Ushbu maskanlarda xizmat qilayotgan xodimlarning tayyorgarligi, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan choralar, aholiga qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan tashkiliy ishlar tekshirildi.
Shundan so‘ng ishchi guruh Qibray tumanida faoliyatni o‘rganishni davom ettirdi. Tuman IIB faoliyati hamda 7-sonli mahalla huquq-tartibot maskani sharoitlari, xizmatga jalb qilingan shaxsiy tarkibning tayyorgarligi va mavjud kuch hamda vositalarning tezkor vaziyatni barqaror saqlashdagi roli baholandi.

Jarayon davomida jinoyatchilik ko‘p qayd etilayotgan hududlarda amalga oshirilayotgan “ijtimoiy hamkorlik” ishlari, xonadonlar va jamoat joylarida videokuzatuv qamrovini kengaytirish masalalari ham o‘rganildi. O‘rganish yakunida aniqlangan kamchiliklar tanqidiy muhokama qilinib, ularni bartaraf etish, xizmat samaradorligini oshirish va aholining osuda hayotini ta’minlash maqsadida mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Tahlillarga ko‘ra, Toshkent viloyatida IIBB patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan 8 oyi mobaynida amalga oshirilgan ishlar natijasida turli huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldi olinishi va fosh etilishiga erishildi.

Xususan, patrul-post xizmati xodimlari ishtirokida jami 294 ta, shaxsan ular tomonidan 189 ta jinoyat fosh etilgan bo‘lsa, 136 ta holatda turli jinoyatning oldi olingan.

Shu kabi PPX xodimlari ishtirokida 188 nafar va shaxsan ular tomonidan 115 nafar qidiruvda bo‘lgan shaxs aniqlanib, ushlangan, 40 nafar bedarak yo‘qolgan shaxs topilgan. Shuningdek, 1 ming 573 nafar ish va yashash joyi noaniq bo‘lgan shaxs reabilitatsiya markazlariga joylashtirilgan.
Viloyatda o‘tkazilgan “Tig‘” maxsus-profilaktik tadbiri davomida PPX xodimlari tomonidan 7 ming 909 ta o‘tkir tig‘li jismlar muomaladan olingan bo‘lsa, ularning 6 ming 774 tasi pichoq, 78 tasi kastet, 33 tasi bita va 1 ming 24 tasi boshqa ko‘rinishdagi xavfli bo‘lgan o‘tkir tig‘li jismlar tashkil qilgan. Barcha aniqlangan holatlar yuzasidan qonuniy chora ko‘rilgan.
A.Musayev, O‘zA.