Mahallalar o‘g‘il-qizlari “Zakovat”da bahslashmoqda
Surxondaryo viloyatida “Dolzarb 90 kun” va “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida mahallalar yoshlarining “Zakovat” intellektual o‘yini tuman bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda.
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazib, o‘quvchilarning tafakkur va dunyoqarashini yanada o‘stirish, ularning bilimlarini boyitishga yo‘naltirilgan intellektual o‘yinda mahallalar yoshlari o‘z bilim va zukkoligini sinovdan o‘tkazmoqda.

Intellektual o‘yinning Boysun tumani bosqichida mahallalardan saralab olingan eng bilimli, eng topqir o‘g‘il-qizlar jamoalari o‘zaro bellashib, alohida shakllantirilgan qiziqarli savollarga javob izladi.

Yoshlarga xos samimiy va qizg‘in bahslarga boy o‘tgan tafakkur bellashuvida Boshrabot mahallasi jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Gaza mahallasi o‘quvchilari jamoasi ikkinchi, sho‘rsoyliklar uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar intellektual o‘yin tashkilotchilarining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri