Mahallada milliy sport turlari rivojlanmoqda
Azaldan usta kulollari bilan mashhur bo‘lgan Rishton bugun mahoratli sportchilari bilan ham faxrlanadi. Xususan, “Jahonobod” mahalla fuqarolar yig‘ini kuragi yerga tegmagan polvonlari bilan dovrug‘ qozongan.
Azaldan usta kulollari bilan mashhur bo‘lgan Rishton bugun mahoratli sportchilari bilan ham faxrlanadi. Xususan, “Jahonobod” mahalla fuqarolar yig‘ini kuragi yerga tegmagan polvonlari bilan dovrug‘ qozongan.Mahallada hech bir to‘y, sayil polvonlar bellashuvisiz o‘tmaydi. Shuning uchunmi, bu yerda hamma kurash tushadi, hech bo‘lmasa, bir bor davrada bel olishadi. Bunda yoshi saksonni qoralab qolgan bo‘lsa-da, hali-hamon yoshlarga milliy kurash sirlarini o‘rgatib kelayotgan Abduqahhor Jumaboyev, Ahmadjon Egamberdiyev, Azimjon Qo‘ldoshev, Valijon Sultonov kabi mashhur polvonlarning hissasi katta.
Zohidjon Ortiqov mahallaning yosh polvonlaridan. Xorijda o‘tkazilgan bir necha jahon chempionatlari g‘olibi. Ukasi Zaylobiddin ham qator xalqaro musobaqalarda zafar quchgan.
Keyingi yillarda mahalla hududida milliy kurash turlarini ommalashtirish, yosh polvonlarni kashf etish va qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Milliy kurash sportini rivojlantirish maqsadida hududdagi 31-umumta’lim maktabi qoshida kurash to‘garagi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu maktabda yuzdan ziyod yigit-qiz turli sport turlari bilan zamonaviy sharoitlarda shug‘ullanmoqda.
Jahonobodda xotin-qizlar sportini rivojlantirish borasida ham o‘ziga xos tajriba to‘plangan. Masalan, o‘tgan yili mahallaning besh nafar qizi mamlakat va viloyat miqyosida o‘tkazilgan musobaqalarda yuksak marralarni qo‘lga kiritdi.
– Farzandlarimizni sog‘lom ulg‘aytirish, ularda iroda va qat’iyat kabi fazilatlarni mustahkamlashda sportning o‘rni beqiyos, – deydi “Jahonobod” mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ul kotibi Dilshod To‘xtaboyev. – Keyingi yillarda mahallada 2 futbol va kurash maydoni barpo etildi. Ayni paytda mahallamiz yoshlarining 20 dan ziyodi viloyat chempioni, 15 nafari mamlakat chempioni degan yuksak sharafga sazovor bo‘lgan. 5 nafari yirik xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi. Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli mahallamizda yangi chempionlar kamol topayotganidan faxrlanamiz.
Qo‘shni “Avazboy” mahalla fuqarolar yig‘inida ham milliy sport turlari tobora ommalashmoqda. Tosh ko‘tarish, arqon tortish, futbol, voleybol, basketbol kabi sport turlariga ayniqsa qiziqish katta. Avazboyliklar yuz kilogrammdan ortiq polvonlar bahsida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan Boburjon To‘xtasinov bilan haqli ravishda faxrlanadi.
Mahallalarda “Pahlavonlar bahsi”, “Kim epchilu kim chaqqon?”, “Otam, onam va men – sportchilar oilasi”, “Sport – mening taqdirimda”, “G‘alabaga chorlovchi omil”, “Chempionlar maktabi”, “Bizning chempionlar” singari sport musobaqalari va davra suhbatlari muntazam o‘tkazilmoqda.
Bularning barchasi mamlakatimizda sport, xususan, milliy sport turlarini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samaralaridir.