Mahalla: yangi vakolatlar va mas’uliyat
Insonning jamiyat bilan bog‘lanishi, uning dardu quvonchiga sherik bo‘lishi, eng avvalo mahalladan boshlanadi. Asrlar davomida o‘zbek xalqining hayot tarzida shakllangan mahalla nafaqat hududiy birlik, balki ahillik, hamjihatlik va o‘zaro mas’uliyat tamoyillarini o‘zida mujassam etgan betakror ijtimoiy institut sifatida qadrlanib keladi. Bu yerda qo‘shnining tashvishi begona emas, muhtojga ko‘mak berish ezgu an’ana, jamoat manfaatini ko‘zlash esa hayot tarzi hisoblanadi.
Aholi muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, bandlikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda jamoatchilik nazoratini rivojlantirish kabi vazifalarning samarasi ko‘p jihatdan mahalla tizimining qay darajada samarali ishlashiga bog‘liq.
Shu ma’noda, Prezidentimiz tomonidan 2026-yil 24-iyunda qabul qilingan “Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mahalla institutini zamon talablari asosida takomillashtirishning yangi bosqichini boshlab berdi.
Farmonning asosiy g‘oyasi mahallani faqat murojaatlar qabul qilinadigan yoki hashar tashkil etiladigan joy sifatida emas, balki hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va hal etish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda davlat organlari faoliyatini xalq ehtiyoji bilan uyg‘unlashtirish markazi sifatida shakllantirishdan iborat.
Hujjatda mahallalarni ishsizlik, kambag‘allik, jinoyatchilik va oilaviy ajrimlardan xoli hududga aylantirish ustuvor vazifa etib belgilangan. Bu, avvalo, mahalla faoliyatiga nisbatan yondashuv o‘zgarayotganini anglatadi. Endi mahalla muammoni yuqori tashkilotlarga yetkazuvchi oddiy bo‘g‘in emas, balki muammoning ildizini ko‘radigan, yechim taklif qiladigan va ijrosini kuzatadigan faol boshqaruv maydoniga aylanishi kerak.
Farmonning eng muhim jihatlaridan biri “mahalla yettiligi” faoliyatini yagona maqsad atrofida birlashtirishga qaratilganidir. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori endi alohida-alohida ish yurituvchi xodimlar emas, balki bir hudud taqdiri uchun mas’ul yagona jamoa sifatida qaralmoqda. Bu aholi muammolarini kompleks va manzilli hal qilish imkonini beradi.
Yangi tartibda mahalla raisiga alohida o‘rin berilgan. U mahalladagi islohotlar va tashabbuslarni muvofiqlashtiruvchi, aholi muammolarini o‘rganuvchi, davlat organlari rahbarlari hisobotlarini eshitishni tashkil etuvchi, jamoatchilik nazoratini amalga oshiruvchi asosiy shaxs sifatida maydonga chiqadi. Bu mahalla raisi maqomini jamoatchilik vakilidan hudud taraqqiyoti uchun mas’ul boshqaruvchi darajasiga ko‘taradi.
Hokim yordamchisi faoliyati esa mahallaning iqtisodiy rivojlanishi bilan bevosita bog‘lanmoqda. Har bir mahallaning imkoniyati, zaxirasi, ish o‘rni yaratish salohiyati va tadbirkorlik muhiti chuqur o‘rganilib, alohida iqtisodiy rivojlanish rejasi ishlab chiqilishi nazarda tutilgan. Bu yondashuv kambag‘allikni qisqartirishni umumiy shior emas, har bir oila daromadi bilan bog‘langan amaliy jarayonga aylantiradi.
Xotin-qizlar faollari zimmasiga ayollarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar bilan manzilli ishlash vazifalari yuklatilgan. Bu oila mustahkamligi, farzand tarbiyasi va mahalla muhitining sog‘lomligi bilan bevosita bog‘liq muhim yo‘nalishdir.
Yoshlar yetakchisi esa yoshlarning o‘z qobiliyatini namoyon qilishi, ta’lim, sport, kasb-hunar, tadbirkorlik va innovatsion loyihalarga jalb etilishi uchun mahalla darajasidagi asosiy ko‘makchiga aylanadi. Ayniqsa, “Yoshlar daftari” orqali manzilli ishlash, uyushmagan yoshlar bilan profilaktik va tarbiyaviy tadbirlarni kuchaytirish mahalla barqarorligining muhim omili hisoblanadi.
Farmonda huquqbuzarliklar profilaktikasiga ham yangicha yondashuv belgilangan. Profilaktika inspektorining vazifasi faqat sodir etilgan jinoyatga munosabat bildirishdan iborat emas. U jinoyat va huquqbuzarlikka olib keluvchi sabablarni erta aniqlash, notinch oilalar, nazoratsiz yoshlar, giyohvandlik, tazyiq va zo‘ravonlik, kiberxavfsizlik kabi xavf omillari bilan manzilli ishlashga qaratilmoqda.
Ijtimoiy xodimlar institutining mahalla darajasida kuchaytirilishi ham aholiga yaqin ijtimoiy himoya tizimini shakllantiradi. Og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan shaxslar va oilalarga ularning real ehtiyoji va imkoniyatidan kelib chiqqan individual ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishi muhim ahamiyatga ega.
Farmonning amaliy kuchini oshiradigan yana bir muhim yo‘nalish mahallalarning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishdir. O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Mahallalar faoliyatini rag‘batlantirish jamg‘armasiga 2026-yildan boshlab har yili respublika byudjetidan 200 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangani mahalla faoliyati uchun mustahkam moliyaviy tayanch yaratadi.
Shuningdek, mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armalari uchun qo‘shimcha manbalar belgilanmoqda. Sanitariya qoidalarini buzganlik va noqonuniy qurilishlar uchun undirilgan jarimalarning 10 foizi, jismoniy shaxslardan undiriladigan ayrim mol-mulk va yer solig‘i mablag‘larining 15 foizi, mahalla hududidagi ayrim davlat mulki ob’ektlarini sotish va ijaraga berishdan tushgan mablag‘lar mahalla ehtiyojlariga yo‘naltirilishi hududiy muammolarni hal etishda muhim moliyaviy imkoniyat bo‘ladi.
Endi mahalla o‘z hududidagi ariq-zovur, ichki yo‘l, yoritish, tozalik, bandlik, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash kabi masalalarda ko‘proq tashabbus ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Biroq bu imkoniyat shaffoflik, jamoatchilik nazorati va hisobdorlik bilan birga yurishi zarur.
Farmon bilan mahalla institutining raqamli transformatsiyasi ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. 2026-yil 1-noyabrga qadar “Raqamli mahalla” elektron platformasini yaratish, vazirlik va idoralarning axborot tizimlarini ushbu platforma bilan integratsiya qilish, aholi murojaatlarini sun’iy intellekt yordamida saralash, mas’ul ijrochilarga yo‘naltirish va ijrosini nazorat qilish vazifalari belgilangan.
“Raqamli mahalla” platformasi orqali mahallalar infratuzilma, tadbirkorlik, kambag‘allik, ishsizlik, jinoyatchilik, nizoli oilalar va aholi murojaatlari kabi ko‘rsatkichlar asosida “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratilishi nazarda tutilgan. Bu esa har bir hududning haqiqiy holatini ochiq ko‘rish, resurslarni muammo eng kuchli bo‘lgan joyga yo‘naltirish va natijani doimiy baholash imkonini beradi.
Yana bir muhim yangilik - ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan shaxslarni mahalla kafilligi asosida qayta tarbiyalash mexanizmidir. Bunda mahalla yettiligi shaxsni kasbga o‘qitish, bandligini ta’minlash, ta’limga yo‘naltirish va jamiyatga qayta moslashtirishda ishtirok etadi. Bu jazolashdan ko‘ra insonni to‘g‘ri yo‘lga solish, oila va jamiyat bag‘riga qaytarish tamoyilini mustahkamlaydi.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning mazkur farmoni mahalla institutini yangi bosqichga olib chiqadigan muhim dasturiy hujjatdir. Unda mahalla mustaqilligi, moliyaviy imkoniyatlari, raqamli boshqaruv, jamoatchilik nazorati va aholi muammolarini hal etish mexanizmlari bir butun tizim sifatida belgilangan.
Eng muhimi, bu islohotlar inson qadrini ulug‘lash g‘oyasini mahalla darajasida amaliy hayotga tatbiq etadi. Chunki odam o‘z muammosiga yechimni uzoq idoralarda emas, avvalo o‘zi yashab turgan mahallada topsa, jamiyatda ishonch, hamjihatlik va mas’uliyat kuchayadi.
Davron Kesimov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.
O‘zA