Mahalla raisi dardimizni tinglamadi
Biz kam taʼminlanganlar roʻyxatida, temir daftarda turamiz. Lekin Prezidentimiz ajratgan 1 million va kam taminlanganlarga nimaiki yordam berilayotgan boʻlsa, faqat telekanallar va internetdan koʻramiz.
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga Andijon viloyati Buloqboshi tumani Neftchilar mahalla fuqarolar yigʻinidagi koʻp qavatli uylarda yashovchi Nazira Adisheva, Gulbahor Hojimatova hamda “Istiqlol” mahallasida yashovchi Mayramxon Yaqubovadan quyidagi murojaat kelib tushdi.
“Assalomu alaykum.
Biz kam taʼminlanganlar roʻyxatida, temir daftarda turamiz. Lekin Prezidentimiz ajratgan 1 million va kam taminlanganlarga nimaiki yordam berilayotgan boʻlsa, faqat telekanallar va internetdan koʻramiz. Bizga ajratilganlarini mahalla faollari hazm kiliyu yuboryaptimikin, bilmadik?
Sizdan iltimos yoʻl yoʻriq koʻrsatsangiz”
OʻzA muxbirlari ushbu murojaat boʻyicha Buloqboshi tumani Neftchilar mahallasiga borib surishtiruv oʻtkazdi.
Mahalladagi koʻp qavatli uylar joylashgan Nurziyo koʻchasiga kirib borar ekanmiz, koʻchalarning ozoda, pokiza va obodligini, binolar taʼmirlanganligiga koʻp boʻlmaganligini koʻrib, xursand boʻldik. Chunki chekka qishloqdagi qachonlardir qurilgan koʻp qavatli uylar eʼtibordan chetda qolmaganligi albatta, quvonarli.
Nurziyo koʻchasidagi 5-uy 12-xonadonda yashovchi Naziraxon Adisheva uyiga kirdik. Birinchi qavatda joylashgan uch xonali uyning atrofi toʻsilib, qoʻshimcha bino qurilgan ushbu xonadonda uch oila, 13 jon yashar ekan. Yaʼni, oiladagi ikkinchi turmushga uzatilgan kizning birinchi oilasidan qolgan bir qiz bilan uning ota-onasi, Naziraxon Adisheva 4 farzandi bilan hamda uch farzand bilan oilaning oʻgʻli va kelini istiqomat qiladi. Naziraxon va kelinining hali yoshiga yetmagan farzandlari borligi uchun ishlay olishmaydi. Oʻgʻillari Rossiya Federatsiyasiga ishlagani ketgan.
Ha, haqiqatdan ham ancha nochor, oila. Mana besh oydirki, koronavirus pandemiyasi sabab Rossiyada ishlab yurgan oʻgʻildan pul kelmayapti. Oila boshligʻi Husanboy Jabborov esa sil kasalligi bilan ogʻrir, biz borgan paytda u Asaka tumanidagi sil kasalliklari dispanserida davolanayotgan ekan. Ayni paytda 13 jon yashayotgan oilaning daromadi otalarining 376 ming soʻm nafaqa puli hamda Naziraxonga beriladigan 376 ming soʻm moddiy yordam pulidan iborat ekan. Oila bekasi Lobarxon opa bu yil nafaqaga chiqadi, qolaversa, u ham kasalmand, tez-tez davolanib turishga majbur.
– Qizim, Naziraxon turmushdan ajrab, toʻrt bolasi bilan mening qaramogʻimda, – deydi onasi Lobarxon opa. – Oʻgʻlimdan har oyda pul kelib turardi, tirikchilikni amallab oʻtkazardik. Mana besh oydirki karantin sabab oʻgʻlim ishlamayotganligi uchun pul yubora olmayapti. Ancha qiynalib qoldik, bu yogʻda turmush oʻrtogʻim kasal. Nima qilishni bilmay qoldim. Mahalla idorasiga koʻmak soʻrab chiqsam, quloq solishmadi.
Nahotki, mahalla mutasaddilari shunchalar eʼtiborsiz boʻlsa, degan fikr, qolaversa, ayolning gaplari qanchalik haqiqat ekanligini bilish maqsadida suhbatni mahalla idorasida mutasaddilar ishtirokida davom ettiradigan boʻlib mahalla idorasiga yoʻl oldik. Idorada bizni mahalla raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Gulnozaxon Soliyeva kutib oldi.
– Men 1-avgustdan ish boshladim, – deydi u. – Ayniqsa, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar, xususan, Nazira Adisheva va Gulbahor Hojimatova xonadonida boʻlib, sharoitlarini oʻrgandim, ular bilan suhbat oʻtkazdim. Ularga imkon qadar yordam koʻrsatilishini aytdim. Shu paytgacha ushbu oilalar qanday yordam olganliklari haqida aniq maʼlumotga ega emasman.
Ayni kunda 790 xonadonda 3 ming 500 nafar aholi istiqomat qilayotgan Neftchilar mahallasi raisi ishdan boʻshab ketganiga oʻn kundan oshgan. Mahalla raisi vazifasini hozirga qadar kotib vazifasida ishlab kelayotgan Mahfuzaxon Avazova bajarib kelayotgan ekan. U bilan telefon orqali bogʻlanganimizda ish bilan tuman markaziga ketganligini aytdi. Mahalla idorasiga kelishini, ariza yuzasidan bildirilgan fikrlarga aniqlik kiritishini iltimos qildik.
Koʻp oʻtmay rais vazifasini bajaruvchi M.Avazova idoraga kirib keldi. Murojaatchilar hamda mahalla mutasaddilari ishtirokida suhbatni davom ettirdik.
– Naziraxon Adisheva, Gulbahor Hojimatovalar oilalari haqiqatdan ham yordamga muhtoj oilalar, – deydi M.Avazova. – Mahallamizda 78 oila “temir daftar”ga kiritilgan. Ularga imkon qadar koʻmak berilmoqda. Shu jumladan, murojaat qilgan oilalarga ham pandemiya davomida homiylik, xayriya yordamlari markazi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, tuman hokimligi tomonidan bir qop un va oziq-ovqat mahsulotlari berildi. Bundan tashqari, N. Adishevaga ikki oydan buyon moddiy yordam puli ajratilmoqda.
Murojaatchilar bu fikrlarga eʼtiroz bildirdi. Qachonki, tuman hokimiga uchrashganidan hamda Call-markaz ga telefon qilingandan soʻnggina yordam koʻrsatilganligi, mahalla mutasaddilari ularning iltimoslarini inobatga olmaganligini, arzlarini eshitmaganligini aytishdi.
Suhbat asnosida rais vazifasini bajaruvchi Prezidentimiz farmoni asosida tarqatilayotgan moddiy yordam pullarini oluvchilar roʻyxatiga ham ushbu oilalar kiritilganligini taʼkidladi.
Toʻgʻri, hozirgi karantin sharoitida hech kimga oson emas. Ayniqsa, yuqoridagi kabi oilalarga. Biroq, “mahalladan koʻmak berilmayapti” deyilishi ham ochigʻi, insofdan emas. Ushbu oilalarga ikki marta yordam koʻrsatilibdi, N.Adishevaga ikki oydan buyon yordam puli berilib kelinmoqda ekan. Yana ushbu oilalar Prezidentimiz tomonidan ajratilgan bir martalik yordam puli olishlari uchun roʻyxatga kiritilibdi. Axir bugungi kunda yordamga muhtoj oilalar oz emas. Ularning barchasiga doimiy ravishda yordam koʻrsatishning imkoni yoʻq. Lekin har qanday holatda ham mahalla mutasaddilari eng avvalo, sharoiti oʻta ogʻir oilalarni eʼtibordan chetda qoldirmasliklari lozim.
Ehtimol, mahalla raisi aholi bilan ish olib borishdagi kamchiliklari uchun ishdan boʻshatilgandir. Nima boʻlganda ham mahallada aholi bilan ish tashkil etishda yangicha yondashuv yoʻlga qoʻyilishi, aholining arz va murojaatlari albatta, eʼtiborga olinishi lozim.
Yaqin kunlarda mahalla raisi saylovi oʻtkazilishi belgilanibdi. Mahalla ahli ishonch bildirib saylaydigan yangi rais oʻz atrofiga odamlar bilan ishlay oladigan jamoani jipslashtirib, barcha yoʻnalishlardagi ishlarni toʻgʻri tashkil etishiga umid qilamiz.