Mahalla nomiga mos hududga aylandi
Oqoltin tumanidagi Mustaqillik mahallasi bundan bir necha oy ilgari pastqam, tomidan chakka o‘tadigan uy-joylar va abgor holdagi ko‘chalardan iborat edi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi va topshirig‘i bilan hududda katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
Qisqa vaqt ichida hudud qiyofasi mutlaqo o‘zgarib, zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Bu yerdagi mavjud 16 ta ko‘p qavatli uyning barchasi rekonstruksiya qilindi. Bo‘sh maydonlar ko‘kalamzorlashtirildi. 1 kilometr ichki yo‘l asfaltlanib, yangi lotoklar yotqizildi. Piyodalar yo‘laklari, o‘rindiqlar, chiqindi qutilari va 50 dona yangi temir- beton ustun, zamonaviy tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. 2 dona transformator punkti yangilandi.
Shuningdek, yangi qurib bitkazilgan mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, “Work out”, 5 ta bolalar maydonchasi, sun’iy qoplamali futbol maydoni, 8 ta jamoat hojatxonasi, 1 ta hammom, “Bookcafe”, xotin-qizlarni tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qitish markazi foydalanishga topshirildi. 76 nafar fuqaroning doimiy ish bilan bandligi ta’minlanib, qiyin ahvoldagi 28 nafar fuqaroga 150 million so‘mlik turli yordamlar ko‘rsatildi. O‘ndan ziyod fuqaro bepul dori-darmon vositalari bilan ta’minlandi.
“Temir daftar”, “Yoshlar daftari” hamda “Ayollar daftari”dagi 25 nafar fuqaroga tikuv mashinasi, pishiriq pechlari, elektr payvandlagich, kompyuter va boshqa zarur asbob-uskunalar topshirildi. Tijorat banklari tomonidan 41 nafar fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlariga 653 million so‘m miqdorida kreditlar ajratildi.
[gallery-14973]
Tinch va obod yurtga to‘ylar yarashadi. Xalqimiz topib aytgan bu so‘zlarning qadrini mahallada tashkil qilingan xalq saylida ishtirok etgan aholining yuz-ko‘zidagi minnatdorlik va shukronalik hissini tuyib, yanada chuqurroq anglaysiz.
Tadbirlarda ishtirok etgan Sirdaryo viloyati hokimi, senator Akmaljon Mahmudaliyev “Eng obod ko‘cha”, “Eng obod xonadon” tanlovlarining g‘olib va sovrindorlarini munosib taqdirladi. Bugun yagona maqsad, pok niyat bilan yashayotgan mahalla ahli bayram ruhidan bir zavqlansa, o‘zgarishlar, katta qurilishlar ko‘lamidan ikki bor mamnun.
–Mahallamizning qisqa fursatda fayzli, obod hududga aylanishi katta voqea bo‘ldi, – deydi mahalla faoli I.To‘xtayeva. – Davlatimiz rahbarining qishloqlarga bo‘lgan e’tibori tufayli mana shunday baxtga musharraf bo‘lib turibmiz. Buning uchun Yurtboshimizdan, hukumatimizdan behad minnatdormiz.
Sh.Suyarov, Sh.Ortiqboyev(surat),
O‘zA muxbirlari