Mahalla - mehr, insoniylik maskani
Mana bir necha yildirki, mahalla institutining jamiyatimiz ijtimoiy-ma’naviy hayotida tutgan o‘rnini hisobga olib, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 22 mart – “Mahalla tizimi xodimlari kuni” sifatida nishonlab kelinmoqda.
Darhaqiqat, mahalla - vatan ichra mo‘’jaz vatan! Har birimizning hayotimiz, taqdirimiz, kelajagimiz bevosita o‘zimiz yashayotgan mahalla bilan chambarchas bog‘liq.
Keyingi yillarda mahallalarning jamiyat hayotidagi mavqei va ishtirokini tobora orttirish, faolligini kuchaytirish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Odamlarni o‘ylantirayotgan muammo va dolzarb masalalarni aynan mahalla tizimida o‘rganish, ularga yechim topishning muayyan mexanizmi yaratildi.
Mamlakatni jadal ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish, islohotlarga hissa qo‘shishda fuqarolarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishga oid ko‘plab muhim davlat va hududiy dasturlar, qonun hujjatlari qabul qilindi. Ularning ijrosini ta’minlash maqsadida mahallalarda hududlarni sektorlarga bo‘lib ishni tashkil etish joriy etilganligi xalq bilan manzilli muloqotning yo‘lga qo‘yilishiga imkon yaratdi.
Keyingi yillarda mahallalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularning huquqiy maqomini oshirish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini zamon ruhiga hamohang takomillashtirish bo‘yicha ko‘plab qonun hujjatlar qabul qilindi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakolatlarining kengaytirilgani turli masalalarni joylarning o‘zida hal etish, hamyurtlarimiz faolligini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.
bugungi kunda "Ayollar daftar", "Yoshlar daftar " kabi ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarning hayotga keng joriy etilgani bandlikni ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini bunyod etish, ijtimoiy ahvoli og‘ir fuqarolaga yaqindan ko‘mak berishda yangi istiqbollari ochmoqda. Keksalar holidan xabar olish, ular salomatligini yanada yaxshilash, muhtoj oilalarga ko‘mak ko‘rsatish borasidagi ishlar sifati yanada yaxshilanmoqda.
Aslida mahalla tizimi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning doimiy e’tibori va amaliy g‘amxo‘rligida bo‘lib kelgan. Bu borada mahallalar uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani har bir hamyurtimizning kundalik hayotida, orzu-intilishlarida o‘z ifodasini topmoqda. Shu bilan birga mahallalar faoliyatini yanada rivojlantirish, ularning tobora obod, xavfsiz, turli huquqbuzarliklardan holi bo‘lishini ta’minlash, oilaviy ajrimlarni kamaytirish, yoshlar tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanish, milliy udum va an’analarimizni to‘g‘ri talqin etish, bunda isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik bugunning dolzarb masalasiga aylandi.
21 mart kuni Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanalarda davlatimiz rahbari o‘z nutqida Mahalla tizimi xodimi kuni xususida bejiz so‘z yuritmadi. Zero, odamiylik, mehr, o‘zgalarga qo‘ldan kelganicha yaxshilik qilish, odamlarning ko‘nglini ko‘tarish,og‘irini yengil qilishda mahalla doim oldingi safda bo‘lib kelgan.
Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab ma’rifiy tadbirlar, muloqotlar, uch avlod uchrashuvlar, "Mahalla iftixori" ko‘krak nishonini tantanali topshirish marosimlari bo‘lib o‘tadi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchun yangi binolar, guzarlarning ochilishi bo‘lib o‘tadi. El-yurt kori yo‘lida sidqidildan mehgat qilayotgan mahalla fidoyilarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga e’tibor qaratiladi. Ayni paytda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha galdagi vazifa va rejalar ham belgilab olinadi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri