Mahalla kubogi hisorakliklarga nasib etdi
Samarqand shahrida 13-16 yoshli o‘smirlar o‘rtasida stol tennisi bo‘yicha “Mahalla kubogi” turnirining respublika final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Mahallalarda ommaviy sportni keng targ‘ib qilish, o‘smirlar o‘rtasida stol tennisini yanada ommalashtirish maqsadida “Mahalla” xayriya jamoat fondi tashabbusi bilan O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi va bir qator vazirlik va idoralar hamkorligida tashkil etilgan musobaqaning mamlakat bosqichida 14 ta hududda g‘olib deb topilgan jamoalar ishtirok etdi.

Murosasiz kechgan bahslar yakunida Namangan viloyati Chust tumani Xisorak mahallasi jamoasi birinchi, Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani Joulqosim mahallasi ikkinchi, Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani Oq oltin mahallasi sportchilari uchinchi o‘rinni qo‘lgan kiritdi.

G‘oliblarga hamkor tashkilotlar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA