Mahalla – hamjihatlik, ma’rifat va tarbiya qo‘rg‘oni
Samarqand viloyatida ana shu tamoyil asosida hududlarda osoyishtalikni ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga e’tibor qaratilmoqda. Va buning natijasi ham amalda namoyon bo‘lmoqda.

Bu haqda yaqinda Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Rahmat Mamatov aholi bilan uchrashuvda batafsil ma’lumot berdi.
– Mamlakatimizda barcha sohalar kabi ichki ishlar organlarida ham izchil islohotlar amalga oshirilib, har bir fuqaroning haq-huquqlarini ishonchli himoya qilish asosiy vazifamizga aylandi, – dedi R.Mamatov. – Bu borada “Xavfsiz mahalla”, “Xavfsiz xonadon” tizimi asosida jinoyatlarning oqibatlari bilan kurashish emas, balki ular sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik va barvaqt oldini olish borasida choralar ko‘rib kelinmoqda. Bu ishlar natijasida 2023 yil 20 dekabrga qadar viloyatimiz hududida 7 ming 466 ta jinoyat qayd etildi hamda 2022 yilga nisbatan 261 taga kamayishiga erishildi. Yangi tizim asosida ishlashga o‘tganimiz natijasida deyarli har uchinchi (2895 ta) jinoyat xodimlarning tashabbusi bilan aniqlanmoqda.
Jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash asosida olib borilgan profilaktik ishlar natijasida viloyatimizdagi 1126 mahallaning 497 tasida bironta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Jinoyat turlaridan qotillik (43/40), qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish (119/94), o‘g‘irlik (669/637), talonchilik (32/22), bosqinchilik (9/8), firibgarlik (1282/1136), o‘lim bilan bog‘liq yo‘l transport hodisalari (278/266), yengil tan jarohati yetkazish (391/288), o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish (220/173) jinoyatlari kamaydi.
Sodir etilgan jinoyatlarning 90,7 foizi yoki 6 ming 777 tasi tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida fosh etildi. 441 nafar qidiruvdagi shaxs ushlanib jazo muqarrarligi ta’minlandi. 752 holatda jinoyatchilardan 109 kilogram 397 gramm giyohvandlik moddalari rasmiylashtirib olindi. 29 ming 430 ta oilaviy nizo bartaraf etilib, 1915 nafar xotin-qizga himoya orderlari berildi. 4188 ta jinoyat ishi doirasida jabrlanuchilarga yetkazilgan 140 milliard 710 million so‘m miqdoridagi zarar undirildi.
Turli jinoyatlarga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarni sodir etgan 38 ming 956 nafar fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortildi va jinoyatlarning oldi olindi. 4357 nafar spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan, 197 nafar giyohvand va 265 nafar ruhiy kasallar davolanish muassasalariga, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan 877 nafar shaxs reabilitatsiya markaziga joylashtirildi.
Bundan tashqari, shaxsiy tarkib o‘rtasida korrupsion holatlar oldini olish borasida olib borilgan samarali ishlar natijasida xodimlarning shaxsiy tashabbusi bilan 21 ta holatda pora berish jinoyatlari aniqlandi.
Boshqarma boshlg‘ining ta’kidlashicha, viloyatda yoshlar, ayollar va voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha tizimli ishlash yo‘lga qo‘yilgan. Bu borada birgalikda ish olib borish maqsadida hamkor tashkilotlar bilan qo‘shma farmoyish imzolanib, ishchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilgan va viloyat IIBda tezkor shtab tashkil etilgan.
Ishchi guruh tomonidan voyaga yetmaganlar, yoshlar va ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabab va shart-sharoitlari kunlik tahlil asosida muhokama qilinmoqda. Vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan qaragan tashkilotlar rahbarlari va mahalla beshliklariga choralar ko‘rilmoqda.
Ayollar tomonidan jinoyatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlar tomonidan mahallalardagi vakillar bilan hamkorlikda ayollar bilan individual suhbatlashilib, ijtimoiy, maishiy hamda psixologik yordam ko‘rsatilmoqda.
Bundan tashqari, mahallada jinoyatchilikni jilovlash samaradorligini oshirish maqsadida jinoyat qilishga moyilligi bor og‘ir toifadagi aholi bilan “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida ishlash bo‘yicha mahallada ishlovchi xodimlarning vazifalari belgilab berildi.
O‘tgan davr mobaynida viloyatimizdagi kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 198 ta mahallaga viloyat, shahar va tuman ichki ishlar organlari rahbar xodimlari bilan bir qatorda prokuratura, milliy gvardiya, viloyat va tuman, shahar hokimliklari vakillari biriktirildi. Ular hududda jinoyatchilikni jilovlash va mahallalarni jinoyatdan xoli hududga aylantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga mas’ul hisoblanadi.
“Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish mexanizmlarini belgilash to‘g‘risidagi qo‘shma qaror asosida profilaktika inspektorlari tomonidan 1 million 135 mingdan ortiq xonadon o‘rganilib, jinoyat va huquqbuzarlik sodir etishga moyil yohud huquqbuzarlikdan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan 31 ming nafarga yaqin shaxsga xulosalar berildi. Ushbu xulosalar natijasida 9 ming 826 ta muammo to‘liq bartaraf etildi.
Bugungi kunda amalga oshirilayotgan barcha harakatlar – xalqimizning tinch-totuv va xavfsiz bo‘lishiga qaratilgan.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri