Mahalla fidoyilari taqdirlandi
Nurafshon shahrida 22-mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan tizimda samarali mehnat qilayotgan, soha rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan, yurt taraqqiyoti yo‘lida jonkuyarlik ko‘rsatayotgan 22 nafar fidoyi taqdirlandi.
Tantanali tadbirga O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Toshkent viloyati boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari vakillari, mehnat faxriylari, tuman va shaharlardagi mahalla fuqarolar yig‘inlarining raislari, hokim yordamchilari, faol xotin-qizlar, yoshlar yetakchilari va tashkilotlar mutasaddilari taklif qilindi.



Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev yurtimizdagi yangilanish va yasharish ayyomi – Navro‘z shodiyonalari va mahalla tizimi xodimlari kuni bilan barchani tabriklab, o‘z tilaklarini bildirdi.
Tadbirda aholi turmush sharoitini yaxshilash, daromadini oshirish va mavjud muammolarni ijobiy hal etishda aynan mahalla tizimining o‘rni muhim ahamiyatga ega bo‘layotgani ta’kidlandi.



Ta’kidlash lozimki, hozir Toshkent viloyatida 1 ming 25 ta mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘lib, ulardagi oilalar soni 854 ming 508 tani tashkil etmoqda. Prezidentimizning sa’y-harakati va tashabbusi tufayli “Obod mahalla – obod ko‘cha – obod xonadon” tamoyili asosida shahar va qishloqlarda zamonaviy shart-sharoit yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.


Tadbir davomida Prezident farmoniga asosan davlatimizning yuksak mukofotlariga munosib ko‘rilgan tizim fidoyilariga orden va medallar topshirildi. Bundan tashqari, o‘z faoliyatiga mas’uliyat bilan yondashgan, yaxshi natija ko‘rsatgan bir guruh xodimlarga “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni va esdalik sovg‘alari berildi.
– Bugun men uchun o‘zgacha kun, – deydi Angren shahridagi “Ko‘k terak” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Erali Erbo‘tayev. – Mehnatlarimiz e’tirof qilinib, “Shuhrat” medali va “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim. Bu aslida hududimizda men bilan ishlayotgan barcha zahmatkash “Mahalla yettiligi”ning yutug‘idir.
A.Musayev,O‘zA muxbiri