Mag‘rur hilpirayver Vatan bayrog‘i
Abdulla Qodiriy nomidagi Axborot-kutubxona markazida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida” gi qonun qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan “Mag‘rur hilpirayver Vatan bayrog‘i” mavzusida intellektual bellashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Markaziy harbiy okrug 523-bataloni, Milliy gvardiyaning 87214-harbiy qismi, Navoiy viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy texnik mutaxassislik bo‘yicha tayyorlash markazi va IIV Navoiy akademik litseyi jamoalari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida “Davlatimiz ramzlari faxrimiz, g‘ururimiz” mavzusida videorolik namoyish etilib, ishtirokchilar tomonidan Vatanni madh etuvchi she’rlar aytildi, Davlat bayrog‘i to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz bayrog‘i xalqimizning milliy-madaniy an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan holda undagi har bir rang va belgi o‘z mazmuniga ko‘ra xalqimizning asriy an’analari va milliy qadriyatlarimizni o‘zida ifoda etgan. Davlatchiligimiz tarixining qaysi davriga nazar solmaylik, bayrog‘imiz ajdodlarimiz uchun ozodlik yo‘lida kuch-qudrat, jasorat va g‘alaba timsoli bo‘lganligini ko‘rishimiz mumkin. Shu ma’noda mustaqil Vatanimiz bayrog‘i barchamizni yuksak marralar sari ilhomlantirish bilan birga qadim davlatchiligimizning milliy va ma’naviy an’analari, xalqimizning bag‘rikengligi, tinchliksevarligini o‘zida mujassam etgan ulug‘ davlat ramzi hisoblanadi.
“Zakovat” intellektual o‘yini yakunida IIV Navoiy akademik litseyi jamoasi faxrli 1-o‘rinni egalladi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA.