Madhiya – faxr va iftixorimiz
Xalqimizning o‘ziga xos fazilatlarini aks ettiruvchi Davlat madhiyasi – bu har qanday davlatning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘zida mujassam etgan ramzlardan biri bo‘lishi bilan birga, aholi birligi va hamjihatligi, shuningdek, yurtimiz madaniyatini ham ifodalaydi.
1992 yil 10 dekabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan bo‘lib, shu sanaga 32 yil to‘ldi.
Madhiya yangraganda har bir fuqaroning qalbida Ona Vatanga bo‘lgan alohida mehr va iftixor tuyg‘usi paydo bo‘ladi. Bu tuyg‘ular insonni mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilishga, yanada faol bo‘lishga undaydi.
Madhiyamiz ayniqsa, sport musobaqalari, olimpiada g‘oliblari vatanining madhiyasi yuksak arenalarda dunyo bo‘ylab yangraganda, o‘zlarini xalqning ajralmas qismi sifatida his etib, yana bir yuksak natijaga erishganidan faxrlanadilar, alohida iftixor tuyg‘ularini chuqur his etadilar. Shu bilan birga madhiya farovonlik, tinchlik-osoyishtalik, yuksak taraqqiyot kabi ulkan maqsadlar yo‘lida xalqni birlashtiruvchi kuchdir.
Ohangida Ona zaminning go‘zal tabiati, xalqimizning ulug‘vor fazilatlari aks etgan bo‘lib, yoshlardan tortib keksa nuroniylarga ham birdek ulug‘vorlik baxsh etadi. Vatanimizning bosh qo‘shig‘ida xalqimizning mehnatsevarligi, sabr-toqati, chuqur bilim va ongi, matonati mujassam bo‘lganini ham alohida ta’kidlash o‘rinli. Shuning uchun ham, o‘sib kelayotgan yosh avlodning ma’naviy va jismoniy jihatdan sog‘lom va barkamol bo‘lib kamol topishida madhiyamizning o‘rni katta.
Barchani bugungidek tinch va osoyishta, farovon kunlarimiz qadriga yetishga undaydigan, insoniy fazilatlarga intiltiradigan madhiyamizning har bir satrida, ohangida muqaddas Vatanga cheksiz muhabbat tuyg‘ulari mujassam.
Aygul Oteniyazova,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi bosh mutaxassisi.
O‘zA