Madaniyatga e’tibor yuksak e’tirof… (+video)
“Vazir va yoshlar uchrashuvi”, o‘quv seminar tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Maqom san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarni tashkil etish to‘g‘risida” 2019 yil 21 noyabrdagi qarorida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, o‘quv jarayoniga yangi axborot-pedagogik texnologiyalarni tatbiq etish, yangi avlod o‘quv adabiyotlarni yaratish, mutaxassislik bo‘yicha fan dasturlarini soha mutaxassilari ishtirokida qayta ko‘rib chiqish maqsadida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida o‘quv seminar o‘tkazildi.
Mazkur seminarda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligida vazirlik tasarrufidagi Maqom san’atiga ixtisoslashgan maktab-internatlari hamda baxshichilik maktabining direktorlari va mutaxassislik fanlar bo‘yicha bo‘lim boshliqlari, O‘zMMSI professor-o‘qituvchilari hamda iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etdi.
Maqom maktab o‘quvchilari hamda O‘zMMSI professor o‘qituvchilari bilan mavzu yuzasidan turli master klass va davra suhbatlari tashkil etilgach, O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekiston qahramoni, Oliy Majlisi Senat a’zosi Munojat Yo‘lchiyevani qutlash marosimi ham tadbirning muhim qismiga aylandi.
Shuningdek, institutda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda, ularga keng ko‘lamda imkoniyat yaratish, yoshlarning madaniyati, ma’naviyatini o‘stirish, davr qahramonlariga, keng tafakkurli yoshlarimizga o‘z xohish va istaklariga qarab, ertangi kunda o‘zlarini mustaqil ko‘ra olishliklari uchun, mas’ul shaxs sifatida qobiliyatlarini inobatga olib, har taraflama to‘g‘ri yo‘nalish berish maqsadida madaniyat vaziri bilan “Vazir va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.
Unda yoshlarning sohaga oid bir qator takliflari va mulohazalari tinglanib, yoshlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar berildi. Uchrashuv davomida iqtidorli talabalar o‘zlarining taklif va tashabbuslari bilan faol ishtirok etishdi.
Muloqot chog‘ida maqom yo‘nalishiga alohida e’tibor qaratish va bu yo‘lda soha vakillari yelkadosh bo‘lib ishlashi lozimligi, shuningdek, targ‘ibot masalasi ham asosiy kun tartibida turgani qayd etildi. Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sifatini oshirish, xususan, musiqa yo‘nalishida o‘qitish tizimini takomillashtirish, aynan mazkur ta’lim dargohi mas’uliyatiga kirishi ta’kidlandi. Shularni inobatga olgan holda, yoshlarning salohiyati muhim ahamiyat kasb etadi.
- Men qatori, jiddi-jahd bilan madaniyat va san’at rivoji uchun sarhad turayotgan aziz yoshlar va komillik sari intilgan iqtidor egalari, uchrashuv davomida aytgan barcha taklif va savollaringiz, mulohazangiz uchun minnatdorman. Siz va biz barchamiz muammolarni birgalikda bartaraf etamiz. Zero, barkamol avlod tarbiyasiga barchamiz birdek mas’ulmiz va murodbaxsh O‘zbekistonimizni birgalikda bunyod etamiz, - dedi, Ozodbek Nazarbekov.
Vazir, shuningdek, O‘zMMSIda o‘tgan qisqa vaqt mobaynida qator islohotlar amalga oshirilganiga guvoh bo‘lganini qayd etdi. Biroq, zamon talabidan kelib chiqib, izlanishlarni izchil davom ettirish kerakligi urg‘ulandi. Qolaversa, muassasa ish tizimini raqamli texnologiyalar tizimiga integratsiya qilishga e’tiborni kuchaytirish aytildi.
Uchrashuvning esda qolarli jihatlari shunda ediki: talaba-yoshlarimiz o‘z ijod namunalari orqali yig‘ilganlarni xushnud etdi. Masalan, yozuvchi talaba qizimiz vazirga o‘z qalamiga mansub kitobini hadya qilgan bo‘lsa, yana bir surxondaryolik yosh umidli xonanda qo‘shiq kuyladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/x7JR5GN3OFE?si=h7hE7_nafA18MVFS" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Behruz Xudoyberdiyev,
Iskandar Ismatov (video),
O‘zA