Madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish bo‘yicha keng miqyosli chora-tadbirlar belgilandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-iyun kuni madaniyat va san’at sohasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda adabiyot, madaniyat va san’at namoyandalari, shoir va yozuvchilar, aktyor, dramaturg va rejissyorlar, qo‘shiqchi, sozanda va kompozitorlar, rassom, haykaltarosh, hunarmandlar, san’atshunos olimlar ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida madaniyat va san’at xalq ma’naviyati, jamiyat tafakkuri va yoshlar tarbiyasida beqiyos o‘rin tutishini ta’kidladi.

Bugun dunyoda inson ongi va qalbini egallash uchun kurash kuchayib borayotgani, bunday sharoitda kitob, teatr, kino, musiqa va adabiyot jamiyatning ma’naviy immunitetini mustahkamlaydigan eng ta’sirchan vositalar ekani qayd etildi.

Uchrashuvga tayyorgarlik jarayonida ijodkorlar bilan muloqot qilingani, madaniyat va san’at ob’ektlaridagi holat o‘rganilgani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbari bugungi muloqot sohadagi muammolarga yechim topish, adabiyot, madaniyat, san’at va kreativ iqtisodiyotda yangi muhit yaratishga qaratilganini bildirdi.

Avvalo, ijodkorlarni rag‘batlantirish va yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Teatr, kino, raqs, opera, folklor, estrada, akademik va milliy cholg‘u, tasviriy va amaliy san’at kabi 21 ta yo‘nalish bo‘yicha ijodiy birlashmalar tashkil etiladi. Ularga ustoz ijodkorlar, vazirlar va yirik kompaniyalar rahbarlari hamrais bo‘ladi.

Bu birlashmalar tumanlardagi musiqa maktablari va badiiy jamoalar bilan ishlab, yosh iste’dodlarni aniqlash, mahalla – tuman – viloyat – respublika bosqichlarida tanlovlar o‘tkazish, g‘oliblarni gastrol safarlari, festivallar va xalqaro tanlovlarda qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi.

Har yili “Milliy ijodkorlar qurultoyi” o‘tkaziladi. Qurultoyda yil davomida eng yaxshi natija ko‘rsatgan ijodkorlarning badiiy kechalari tashkil etilib, ular munosib taqdirlanadi.
Xususan, musiqa sohasida yangi asarlar yaratgan, xalqaro tanlovlarda g‘olib bo‘lgan yoki asarlari mamlakat va xalqaro sahnalarda ijro etilayotgan qo‘shiqchi, sozanda va kompozitorlar, adabiyot sohasida esa asarlari keng e’tirof etilgan, katta adadda chop etilgan, teatr va kinoda sahnalashtirilgan shoir, yozuvchi va dramaturglar rag‘batlantiriladi.

Bunday ijodkorlarga yil davomida har oyda 5 million so‘mdan gonorar beriladi, ular O‘zbekiston bo‘ylab samolyot, poyezd va jamoat transportidan bepul foydalanadi. Ixtisoslashgan tibbiyot markazlarida davolanish xarajatlari byudjetdan qoplanadi, ularning mahorat maktablari va ijod uylari tashkil etiladi.
Yosh iste’dodlar va ularning ustozlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham muhim choralar belgilandi. 1-sentabrdan boshlab respublika tanlovi g‘oliblariga 100 million so‘m, nufuzli xalqaro tanlov sovrindorlariga 300 million so‘mgacha mukofot beriladi, ularning ishtirok xarajatlari to‘liq qoplanadi. Ustoz va murabbiylar oylik maoshiga 100 foizgacha ustama to‘lanadi.

Har yili 100 nafar yosh davlat hisobidan xorijiy madaniyat va san’at muassasalarida ta’lim olishga yuboriladi. Yosh iste’dodlarni aniqlash, prodyuserlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Ijodga investitsiya” jamg‘armasi tashkil etilib, unga yiliga 200 milliard so‘m ajratiladi.
Ijodkorlarning mualliflik huquqini himoya qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Adabiyot, madaniyat va san’at sohasida yaratilgan har bir mahsulot ijodkorning intellektual mulki ekani, har bir badiiy asar, musiqa va qo‘shiq muallifga daromad keltirishi zarurligi ta’kidlandi. Mas’ullarga mualliflik huquqini kafolatli himoya qiladigan tizim ishlab chiqish topshirildi.
Adabiyot sohasi vakillari uchun ham yangi imkoniyatlar yaratiladi. Shoir va yozuvchilarga yiliga kamida 50 ta eng sara asar uchun ijodiy buyurtma beriladi. Har yili o‘zbek adabiyotining 10 ta eng yaxshi asari xorijiy tillarga tarjima qilinib, mualliflar ishtirokida chet ellarda taqdimotlar o‘tkaziladi. Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi asosida chop etiladigan kitoblarning qog‘oz bilan bog‘liq xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi.

Ijodkorlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham bir qator imtiyozlar belgilandi. Har yili 1 ming nafar shoir va yozuvchi, madaniyat va san’at vakili, muzey xodimi va rassomlarga uy-joy olish uchun ipoteka krediti dastlabki to‘lovining 50 foizi qoplab beriladi.
Boshqa hududdan kelib ishlayotgan soha vakillariga uy-joy ijarasi xarajatlari uchun Toshkent shahrida oyiga 2,5 million so‘mgacha, viloyatlarda 1 million 600 ming so‘mgacha kompensatsiya to‘lanadi.
Har yili faoliyatida yaxshi natijaga erishgan 1 ming nafar soha xodimi davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan bepul davolanadi, yana 2 ming nafar ijodkorga davlat tomonidan tibbiy sug‘urta paketi taqdim etiladi. Kamida 10 yil ishlagan xodimlarga kasaba uyushmalari sanatoriylariga bepul yo‘llanma beriladi.
Ashula va raqs ansambllarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1-sentabrdan boshlab ulardagi barcha xodimlarning ish haqi 2 karra oshiriladi. Raqs ustalari uchun pensiyaga chiqishda talab etiladigan raqs staji 20 yildan 15 yilga qisqartiriladi. Yangi Toshkentda qurilishi boshlangan Maqom markazi yonida zamonaviy Raqs saroyini barpo etish taklifi ilgari surildi.
Kompozitor va bastakorlar faoliyatini moliyalashtirish, ularni moddiy rag‘batlantirish tizimi ham qayta ko‘rib chiqiladi. Har yili ularga opera, simfoniya kabi mumtoz va zamonaviy janrlar bo‘yicha kamida 20 ta yangi asar yaratish uchun davlat buyurtmasi beriladi.
Davlatimiz rahbari jamiyatimizda milliy ruhni mustahkamlashning ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Bugun xalqni ilhomlantiradigan adabiyot, yoshlarga faxr va iftixor beradigan kino, qalblarni junbishga keltiradigan musiqa, odamni o‘zini anglashga undaydigan teatr kerakligi ta’kidlandi.
Internet va ijtimoiy tarmoqlar hayotimizda muhim o‘rin egallayotgan hozirgi davrda ijodkor-ziyolilarning raqamli maydondagi ovozi balandroq yangrashi zarurligi qayd etildi.
Madaniy tadbirlarga talabni oshirish maqsadida ham yangi mexanizmlar joriy qilinadi. Har yili 500 ming o‘qituvchi, shifokor, davlat xizmatchisi, faol o‘quvchi va talabalarga, shuningdek, 100 ming ehtiyojmand oila va nogironligi bor bolalarga teatr, kino va konsertlarga bepul vaucherlar beriladi.
1-iyuldan har bir tuman va mahallada konsert-tomosha tadbirlari o‘tkazish xarajatining 20 foizgacha qismi byudjetdan qoplanadi. Konsert-tomosha, xususiy teatr, kinematografiya, bolalar kontenti, madaniyat va san’at yo‘nalishidagi xususiy ta’lim tashkilotlari qator soliqlardan ozod qilinadi. Adabiyot, madaniyat va san’atni rivojlantirishga yo‘naltirilgan homiylik mablag‘lari ham soliqqa tortilmaydi.
Viloyat hokimliklari huzurida alohida direksiyalar tashkil etilib, ular konsert, teatr va madaniyat saroylari zallaridan samarali foydalanish, har kuni madaniy tadbirlar o‘tkazish uchun mas’ul bo‘ladi.
Teatr sohasida ham keng imkoniyatlar yaratiladi. O‘tgan yili Alisher Navoiy nomidagi teatrga moliyaviy, ijodiy va tashkiliy masalalarni mustaqil hal qilish vakolati berilgani yaxshi natija bergani ta’kidlandi. Bir yilda spektakllar soni 1,5 barobar, tomoshabinlar esa 2 karra ko‘paygan. Endi mazkur tajriba Muqimiy, Berdaq va Milliy qo‘g‘irchoq teatrlariga ham tatbiq etiladi.
Xususiy teatrlar va teatr-studiyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1-sentabrdan boshlab har yili 50 ta sahna asari yaratish xarajati davlat tomonidan qoplab beriladi. Ularga davlat madaniyat ob’ektlari bepul foydalanish uchun ajratiladi, xususiy bino ijaraga olinganda oyiga 20 million so‘mgacha xarajat byudjetdan qoplanadi. Spektakllar uchun sotilgan har bir chiptaga byudjetdan qo‘shimcha gonorar to‘lash tizimi joriy etiladi.
Kino sohasini rivojlantirish bo‘yicha ham muhim vazifalar belgilandi. “O‘zbekfilm”ga milliy maqom berilib, u mahalliy va xalqaro kinoindustriyaga xizmat ko‘rsatadigan markaziy kinokonsernga aylantiriladi. Milliy filmlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish maqsadida global kinoplatformalar bilan hamkorlik kuchaytiriladi.
Davlat buyurtmasi asosida film yaratishda targ‘ibot va reklama xarajatlari uchun film byudjetining 30 foizigacha mablag‘ ajratiladi. Davlat buyurtmasi asosida yaratilgan filmlar namoyishidan tushgan mablag‘ning 50 foizi prodyuser va ijodiy guruhga qo‘shimcha rag‘bat sifatida beriladi. “Oltin humo” milliy kino taqdimotining nufuzini yangi bosqichga ko‘tarish uchun har yili 5 milliard so‘m ajratiladi.
Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish alohida yo‘nalish sifatida belgilandi. Yaqin yillarda madaniyat va san’atda qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirish orqali kreativ iqtisodiyot hajmini 145 trillion so‘mga yetkazish maqsad qilingan. Shu maqsadda sohaning huquqiy asosi yaratilgan, Kreativ industriya parki rezidentlari uchun alohida soliq rejimi joriy etilgan. Shayxontohur tumani va Nukus shahrida yirik kreativ parklar qurilishi boshlangan.
Hunarmandchilik mahsulotlariga zamonaviy dizayn olib kirish orqali ularning qo‘shilgan qiymatini 5-10 karra oshirish bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi. Xalqaro dizaynerlar bilan hamkorlik kengaytirilib, Yevropa, AQSH, Janubiy va Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlarida ko‘rgazmalar ko‘paytiriladi. Har bir hududda yil davomida mega-tadbirlar tashkil qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi.
Uchrashuvda madaniyat va san’at sohasida ta’lim tizimini takomillashtirish masalasi ham atroflicha muhokama qilindi. Umumta’lim maktablarida musiqa, tasviriy san’at va texnologiya darslari “Art” o‘quv dasturi asosida yangilanadi. Yangi o‘quv yilidan har bir viloyatdagi 10 tadan umumta’lim maktabida tajriba tarzida art yo‘nalishi joriy etiladi.
Bunda boshlang‘ich sinflarda bolalarni rasm, musiqa va o‘yinlar orqali ijodga qiziqtirish, yuqori sinflarda esa dizayn, grafika, sun’iy intellekt va kreativ loyihalar bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish nazarda tutiladi.
Yurtimizdagi 326 ta musiqa va san’at, 29 ta ixtisoslashgan maktabda 95 ming o‘g‘il-qiz ta’lim olayotgani qayd etildi. Ushbu muassasalar uchun aniq samaradorlik ko‘rsatkichlari ishlab chiqiladi. Musiqa maktablari bitiruvchilari o‘z yo‘nalishidan tashqari qo‘shimcha bitta milliy cholg‘uni bilishi talab etiladi.
Yangi o‘quv yilidan 326 ta musiqa va san’at maktabi o‘qituvchilarining oyligi umumta’lim maktablari o‘qituvchilari bilan tenglashtiriladi. Umumta’lim va musiqa maktabi o‘qituvchilari ish haqiga o‘quvchilarining cholg‘ularni qay darajada ijro etishiga qarab, 20 foizgacha ustama to‘lanadi. Kamida 1,5 million o‘quvchini musiqa va san’atga jalb qilish vazifasi qo‘yildi.
Har bir umumta’lim maktabida musiqa va san’at yo‘nalishida kamida 4 tadan to‘garak tashkil etiladi. Milliy cholg‘u sotib olganlarga xarajatning 30 foizi qoplab beriladi. Imkoniyati cheklangan yoshlar uchun hududlarda “Inklyuziv ijodiy ustaxonalar” tashkil etiladi va ushbu yo‘nalishga har yili 30 milliard so‘m ajratiladi.
Kadrlar tayyorlash tizimi ham qayta ko‘rib chiqiladi. Yangi o‘quv yilidan ixtisoslashgan maktablarga o‘quvchilar musiqa yo‘nalishida 5-sinfdan, raqs, teatr va san’at bo‘yicha 9-sinfdan qabul qilinadi. Musiqa va san’at, Estrada va sirk texnikumlari Madaniyat vazirligi tizimiga o‘tkazilib, ularga oliy maktab maqomi beriladi. Ularda o‘quv jarayoni uch yillik dastur asosida tashkil etiladi.
Madaniyat va san’at yo‘nalishidagi oliygohlarda “dual ta’lim” yo‘lga qo‘yiladi. Har bir talabaga taniqli ijodkorlar biriktirilib, ular yoshlarni konsert, teatr va tomoshalarda ishtirok ettirish orqali katta sahnaga tayyorlaydi. Ta’lim dasturlariga “Art-menejment”, “Kreativ industriya”, “Loyihalarni tijoratlashtirish” kabi zamonaviy mavzular kiritiladi. Talabalarning startap loyihalari uchun 10 ta oliygohga 50 milliard so‘m ajratiladi.
Soha xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha yaxlit tizim yaratiladi. Mavjud markazlar negizida Madaniyat vazirligi tizimida malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti tashkil etiladi. Mazkur institut umumta’lim maktablaridagi musiqa o‘qituvchilarining malakasini oshirish uchun ham mas’ul bo‘ladi.
– Bugun dunyoda qanday tahlikali holat, qarama-qarshilik va nizolar ro‘y berayotganini ko‘rib turibmiz. Bunday vaziyatda biz uchun milliy birlik va hamjihatlik har qachongidan ham muhim. Ishonchim komil, bu borada sizlar eng oldingi safda turib, chinakam vatanparvarlik, millatga sadoqat va fidoyilik fazilatlaringiz bilan yoshlarimizga, butun xalqimizga namuna bo‘lasizlar, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari soha vakillari bilan samimiy muloqot qildi, ularning fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslarini tingladi.