Madaniyat ta’limida sun’iy intellektning ahamiyati qanday?
Poytaxtimizda ilk marotaba “Musiqa ta’limi: jahon miqyosida yagona maydon sari” mavzusida yirik xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda. Unda 200 nafarga yaqin xorijiy va mahalliy soha xodimlari qatnashmoqda.
Forumning ilk kunida “Madaniyat ta’limida sun’iy intellektning ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham tashkil etildi.
Ushbu konferensiyada madaniyat va san’at ta’limi tizimida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, o‘quv jarayoniga sun’iy intellekt asosidagi kreativ platformalarni musiqa kompozitsiyasi, vizual dizayn va media san’at yo‘nalishlarida integratsiya qilish masalalariga e’tibor qaratildi.
[gallery-29470]
Xalqaro anjumanda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazbek Tojixonov, Qirg‘iz Respublikasi madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vazirining birinchi o‘rinbosari Soyuzbek Nadirbekov, TURKSOY tashkiloti Bosh kotibi, ustoz yozuvchi Sulton Rayev, AYSESKOning Baku shahridagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari, doktor Abdulhakim Al-Senan va boshqalar musiqa azaldan inson qalbining ko‘zgusi, xalqlar o‘rtasida do‘stlik va qardoshlikni ta’minlashda, o‘zaro madaniy-ma’rifiy rishtalarni mustahkamlashda muhim vosita ekanini e’tirof etdi.
– Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida madaniyat va san’at sohasiga alohida e’tibor qaratilib, uning rivojlanishi va sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishi hamda milliy madaniyatimizni jahonga tanitish yo‘lida bir qator tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda, – dedi O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tojixonov. – Musiqa san’ati ta’limiga ilg‘or o‘qitish metodikalari, zamonaviy standartlarni joriy etishga katta ahamiyat qaratilmoqda. Ayni paytda bu yo‘nalishga raqamlashtirish, sun’iy intellekt ham faol kirib kelmoqda. Biroq nima bo‘lganida ham, ustozning mehri, ijodkorning qalb kechinmalari, yoshlik hayajoni va zavqi hatto, eng zamonaviy texnologiyalar uchun begonadir. Shu ma’noda faqat ilg‘or texnologiyalardan samarali va unumli, oqilona foydalanish orqali musiqa ta’limini rivojlantirish mumkin.
Xalqaro anjumanda sun’iy intellekt orqali milliy musiqa cholg‘ularini o‘rgatishda avtomatik tovush tahlili, maqom va baxshichilik ijrolarini raqamli arxivlash, teatr merosini virtual formatda saqlash va madaniyat ta’limiga ixtisoslashgan interaktiv platformalarni yaratish masalalari muhokama qilindi. Konferensiya yakunida 10 banddan iborat konferensiya rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Uch kun davom etadigan forumda 20 ga yaqin (Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Koreya, AQSH, Fransiya, Indoneziya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Kanada, Italiya, Vengriya Tojikiston va Armaniston) davlatlardan nufuzli olimlar, 20 dan ortiq xorijiy oliy ta’lim muassasalari rektorlari, shuningdek, prorektorlar, professorlar etnomuzikologlar, tadqiqotchilar, madaniyat markazlari rahbarlari, o‘qituvchilar, talabalar, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etmoqda.
Mazkur xalqaro forum mamlakatimizda musiqa va madaniyat ta’limini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli yondashuvlarni keng joriy etish, xalqaro akademik hamkorlikni mustahkamlash hamda yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, xalqaro forum doirasida Turkiy davlatlar, MDH va Yevropadan tashrif buyurgan OTM rahbarlari ishtirokida Rektorlar forumi tashkil etildi. Rektorlar forumida O‘zbekiston va xorijiy OTM rahbarlari tomonidan o‘quv jarayoniga ta’limning innovatsion shakllari va usullarini joriy etish, qo‘shma ijodiy loyihalar, qo‘shma ilmiy-uslubiy nashrlar, institut professor-o‘qituvchilari malakasini oshirishga ko‘maklashish hamda talabalar almashinuvi yuzasidan 20 ga yaqin hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Ushbu yirik tadbir doirasida shuningdek, mamlakatimiz san’at yulduzlari, xorijlik san’at ustalari ishtirokida gala-konsert, ijodiy uchrashuvlar, taqdimotlar, muloqotlar, anjumanlar, premeralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Nazokat Usmonova,
Sarvar O‘rmonov (suratlar),
O‘zA muxbirlari