Lutfiya olima ayol boʻladi
Oradan olti yil oʻtib, Lutfiya bilan Termiz shahrining Xalqaro xotin-qizlar kuni – 8-martga bagʻishlangan bayram tadbirida yana uchrashib qoldik.
Lutfiya Baratova haqida bundan olti yil avval, aniqrogʻi, u Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan yili bahor faslida “Quyoshli yurtning baxtli qizi” sarlavhali maqola yozgan edik. Oʻshanda iqtidorli, izlanuvchan qizaloq Termiz tumanidagi Yangiariq kasb-hunar kollejida taʼlim olayotgan edi.
Oradan olti yil oʻtib, Lutfiya bilan Termiz shahrining Xalqaro xotin-qizlar kuni – 8-martga bagʻishlangan bayram tadbirida yana uchrashib qoldik. Bir zum suhbatlashib, begʻubor yoshlik davridagi orzu-umidlarining bugungi ruyobi, hayoti bilan qiziqdik. Kelgusidagi rejalari xususida suhbatlashdik.
Lutfiya bolalikdan biologiyaga mehr qoʻyib, shu fanni chuqur oʻzlashtira boshladi. Uni oʻsimliklar dunyosi oʻziga maftun etdi. Bolalikdan ingliz tiliga mehr qoʻydi. Shuningdek, sportning shotakan karate-do turi bilan muntazam shugʻullanib, jismonan chiniqdi. Qalbida musavvirlikka qiziqish uygʻondi. Besh karra Oʻzbekiston chempioni boʻldi. 2012-yil Chexiyada boʻlib oʻtgan xalqaro turnirda birinchi oʻrinni egalladi. Polshada shotakan karate-do boʻyicha oʻtkazilgan oʻquv-seminarda faol ishtirok etib, qorabelbogʻ 1-dan sohibasi boʻldi. Bitiruvchi sinf oʻquvchisining bu yutuqlari nafaqat Lutfiya yashaydigan Quyoshli yurt mahallasi, balki Surxondaryo viloyati ahliga bir olam quvonch bagʻishlagan edi. Oradan ikki yil oʻtib, u nufuzli mukofotga munosib topilganida Lutfiyaning sport yoʻnalishidagi yutuqlari ham eʼtirof etildi. Lekin, talim sohasidagi izlanishlari Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanishida muhim rol oʻynadi. Yana ham anigʻroq aytadigan boʻlsak, iqtidorli oʻquvchining 2012 mamlakatimizda chop etilgan “Qishloq xoʻjaligini intensiv texnologiya asosida rivojlantirish muammolari va texnologiyasi” hamda “Surxondaryo viloyati sharoitida steviyaning urugʻ unuvchanligi” nomli maqolalari munosib baholandi.
– Kollejni tugatib, Termiz davlat universitetining xorijiy filologiya fakultetiga oʻqishga kirdim, – deydi Lutfiya Baratova. – Bu yil oʻqishni tugatib, magistraturaga hujjat topshirmoqchiman. Talabalik davrimda ingliz tilini chuqur oʻrganish barobarida mustaqil ilmiy izlanish ham olib borayapman. Kelajakda oʻzim qiziqqan soha boʻyicha ilmiy ish yozib, olima boʻlmoqchiman. Hayotimni vohamiz qishloq xoʻjaligini iqtisodiy yuksaltirishga bagʻishlamoqchiman.
Ayni paytda orzulari bir olam isteʼdod sohibasi oʻqishdan boʻsh vaqtlarida yoshlar ittifoqining viloyat kengashida yosh oilalar bilan ishlash boʻlimida ham faoliyat yuritmoqda.
– Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti menga kuch, ilhom berdi, – deydi Lutfiya. – Shu bilan birga zimmamga katta masuliyat ham yukladi. Oʻqib, izlanib, mehnat qilib, yoshlar bilan uchrashib ham charchamayman. Biroq, bolalikda oʻzim sevgan sportdan uzoqlashib qolayotganimdan afsusdaman. Yuksak mukofotga munosib inson boʻlish hissi esa yana-da koʻproq harakat qilishga undaydi. Ana shu tuygʻu menga oʻzgacha quvonch ulashayotganidan baxtiyorman.