Londonda o‘tkazilayotgan ishbilarmonlik tadbirlari hamkorlikni kengaytirmoqda
Yurtimizning investitsiyaviy va sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilish va O‘zbekiston brendini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Londonda o‘tkazilayotgan ishbilarmonlik tadbirlari doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov hamda Buyuk Britaniyaning Musulmonlar savdo forumi (MTF) raisi Iqbol Sakrani o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avval imzolangan hamkorlik memorandumining mantiqiy davomi sifatida tashkil etildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, Muslim Trade Forum (MTF) Buyuk Britaniyadagi faol biznes netvorking platformalaridan biri bo‘lib, turli sohalardagi tadbirkorlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantiradi va xalqaro aloqalarni kengaytiradi.
Platforma orqali bir qator davlatlar biznes doiralari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, u Buyuk Britaniyadagi yirik iste’mol bozoriga chiqish uchun samarali maydon vazifasini o‘taydi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda tomonlar biznes aloqalarini kengaytirish, yangi bozor imkoniyatlarini aniqlash hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kuchaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Muzokaralar natijasida MTF tomonidan tadbirkorlar delegatsiyasini O‘zbekistonga yuborish, Toshkent va Samarqand shaharlarida biznes-forumlar va B2B uchrashuvlar tashkil etish hamda mahalliy mahsulotlar uchun eksport buyurtmalarini shakllantirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy kelishuvlarga erishildi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning investitsiyaviy va sayyohlik salohiyatini Buyuk Britaniya bozorida targ‘ib qilish va mamlakat brendini mustahkamlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Tashkilot a’zolari orasida Afg‘oniston bozoriga qiziqish yuqori bo‘lib, bu O‘zbekistonning mintaqaviy logistika va savdo markazi sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin.
A.RUSTAMOV, O‘zA