London turnirida Kamilla Rahimovaning omadi keldi
Tennischimiz nimchorak finalda britaniyalik Herriyet Dartga qarshi bahs olib boradigan bo‘ldi.
Buyuk Britaniyaning London shahrida tennis bo‘yicha WTA 500 tasnifiga kiruvchi, mukofot jamg‘armasi 1 million 915 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi musobaqada nimchorak final bahslari boshlandi.
Quvonarlisi, mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Kamilla Rahimova ushbu bosqichda ishtirok etadigan bo‘ldi. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, tennischimiz aslida saralash bosqichining hal qiluvchi o‘yinida germaniyalik Tatyana Mariyaga mag‘lub bo‘lgan edi. Biroq u keyinchalik “lucky loser” (omadli mag‘lub) sifatida asosiy to‘rga yo‘llanma oldi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri 1/8 finalga chiqdi.
Endi tennischimiz nimchorak finalda britaniyalik Herriyet Dartga qarshi bahs olib boradigan bo‘ldi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 15:30 ga belgilangan.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu musobaqada yana bir vakilimiz Polina Kudermetova saralash bahslaridan g‘olibona o‘tgan edi. Biroq Polina asosiy to‘rning ilk bosqichida chexiyalik Mari Buzkovaga qarshi bahsda imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA