Liviya konstitutsiyasiga o‘zgarish kiritiladi
Liviya vakillar palatasi – mamlakat parlamenti konstitutsiyasiga o‘zgarish kiritilishini ma’qulladi.
“Al Hadath” kanali ma’lumotiga qaraganda, aksariyat deputatlar to‘laqonli siyosiy jarayon amalga oshishiga asos bo‘luvchi konstitutsiyaviy deklaratsiya qabul qilinishini yoqlab ovoz berdi.
Tegishli o‘zgarish mamlakat prezidentligiga va parlamentiga yangi saylovlar sanasini belgilash imkonini beradi.
Tobrukdagi yig‘ilishda 188 qonun chiqaruvchidan 130 nafari ishtirok etdi.
Konstitutsiyaviy deklaratsiya e’lon qilinishida uchta asosiy hududdan saylangan 24 vakildan iborat qo‘mita shakllanishi nazarda tutilgan.
Hozir ushbu mamlakatda amal qilayotgan 2011 yilgi Konstitutsiyaviy deklaratsiya Liviya rahbari Muammar Kaddafiy o‘limidan keyingi O‘tish davri hukumati tomonidan qabul qilingan. Endi 2017 yili Konstitutsiyaviy assambleya tomonidan ishlab chiqilgan doimiy Qomus joriy etilishi lozim.