Limonzorlar ko‘payib, dehqonning daromadi oshmoqda
Limon to‘rt fasl davomida sevib iste’mol qilinadigan mevalar sirasiga kiradi. Bugun bozorlarimizda uning ko‘plab turlarini ko‘rish mumkin. Mirishkor xalqimiz mazkur sitrus mevani uy sharoitida yetishtirishning ham hadisini olgan.
Ammo bundan yarim asr avval buni faqat orzu qilish mumkin edi, xolos. Ilgari yurtimizga limon chet eldan olib kelinardi, bu shifobaxsh ne’matni sotib olishga esa hammaning ham qurbi yetavermagan.
Bugungi kunda mamlakatimizda limon keng miqyosda yetishtirilib, eksportga ham chiqarilmoqda. Limon inson salomatligi uchun g‘oyat foydali mahsulotdir. Ayniqsa, uni har kuni iste’mol qilish yaxshi samara beradi. Limon yeyish orqali buyrak toshlarining xavfi kamayadi. Qolaversa, qon bosimi normallashadi.

Shuningdek, immunitet mustahkamlanadi. “S” vitaminiga boy, u nafaqat qarishni sekinlashtiradi, balki organizmni ham mustahkamlaydi. Limon ko‘chatlari O‘zbekistonga ilk bor Gruziyadan olib kelinib, 1965-1995 yillarda Toshkent viloyatining hozirgi Qibray tumanida umumiy maydoni salkam 70 gektarlik issiqxona bunyod etilib, limonzorlar yaratiladi.
Namangan viloyatiga birinchilardan bo‘lib esa, limon 1966 yilda Uchqo‘rg‘on tumanidagi sobiq “Oxunboboyev kolxozi” raisi Dehqonboy Rahimov tomonidan olib kelinib, moslashtirilgan. Raisning kelini Maqsudaxon aya Rahimovaning aytishicha, 1972 yil kelin bo‘lib kelganda ilk limonlar dastlabki hosilini bergan. Limonchilik an’analari ikki daryo oralig‘idagi tumanda bugungi kunga kelib, yanada sayqallashib, keng ommalashganligini ko‘rish mumkin.

Ayni paytda Uchqo‘rg‘on hududidagi aholi tomorqalarida 2 ming 646 ta xonadonda issiqxonalar bo‘lib, shundan 500 xonadon limonchilikka ixtisoslashgan. Tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi agronomi Yodgor Tursunovning ma’lum qilishicha, uchqo‘rg‘onlik Olim Begmurodovning ikki sotixli, Ne’matulla Alimov, Farhod Amanov va Bahodir Egamovning 0.08 sotixli tomorqalarida limon yetishtirilmoqda va muzlatgichda saqlanib yil davomida bozorlarga yetkazib beriladi. Qolaversa, tumanda faoliyat yuritib kelayotgan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarida ham 60 gektar yer maydonida issiqxonalar yo‘lga qo‘yilgan.
Ayniqsa, “Gulxumor” fermer xo‘jaligida bir gektar, “M.Mirzaahmat ota” fermer xo‘jaligida bir gektar, “Mirzayev Azimjon” fermer xo‘jalikda ikki gektar va “Islomjon Ibrohimjon kelajagi” fermer xo‘jaligida mavjud bir gektar issiqxonalarda yetilgan limon mahsulotlari nafaqat ichki bozorga, balki qo‘shni davlatlarga ham eksport qilinayotgani diqqatga sazovor.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri