Limon ko‘chati tomiriga yashirilgan “opiy”
Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari DXX, IIB va Milliy gvardiya bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazdi.
Tadbir viloyatning Tuproqqal’a tumanida tashkil etilib, unda “Surxondaryo – Xorazm” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan transport vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Jarayonda ushbu transport vositasida “pochta” sifatida yuborilgan limon ko‘chatining tomir qismiga sellofan paketga o‘ralgan, sof og‘irligi 113,35 gramm bo‘lgan “opiy” giyohvandlik vositasi yashirilgani aniqlandi.
Shundan so‘ng “Nazorat ostida yetkazib berish” tadbiri davomida mazkur “pochta”ni Gurlan tumanida yashovchi fuqaro qabul qilib olayotgan vaqtida protsessual tartibda ushlandi.
Bugungi kunda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xullas, navbatdagi giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga ham chek qo‘yildi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA