Kuzgi shudgor – barakali hosil garovi
Tuproq unumdorligini saqlash va oshirishda kuzgi shudgorlash ishlari alohida ahamiyatga ega. Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Komilov Tursunboy” fermer xo‘jaligida bo‘lib o‘tgan seminar ham ayni shu masalaga bag‘ishlandi.
Tadbir avvalida, viloyat “Agroservis” MTP rahbari Ortiqmat Mamadumarov shudgor o‘tkazishda texnikalarni ishlatish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Qayd etilganidek, kuzgi shudgor tuproq zichligi va qattiqligini yo‘qotib, uni yumshoq holatga keltirib, kuz, qish hamda bahorgi yog‘ingarchilik suvlarini tuproqqa yaxshi singishi, ularni daladan oqib chiqib ketmasligini ta’minlaydi. Bu esa, tuproqni suv zaxirasiga boyitadi va sug‘orishga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi.

Ma’lumot o‘rnida, 2024 yil hosili uchun viloyat bo‘yicha 98 ming 136 gektar maydon shudgorlanadi. Shundan 61 ming 25 gektari paxta dalasiga to‘g‘ri keladi. Buning uchun 846 ta qishloq xo‘jaligi texnikasi safarbar etiladi.


Seminarda ishtirok etgan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ta’kidlab o‘tganidek, avvalo, paxta dalalaridagi mavjud hosilni yig‘ishtirib olish zarur. Bu ham mehnat mahsuli, ham daromaddir.

Tadbirda yerni shudgorlash ishlarini o‘g‘itlash bilan birga olib borish, g‘alla ekishni yakunlash, dala chetlariga tok ko‘chatlari ekish, tut nihollari o‘tqazish kabi qishloq xo‘jaligidagi muhim agrotexnik tadbirlar bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.