Kutubxona — mamlakat taraqqiyotining muhim milliy resursi
O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston kutubxonachilik sohasi mutaxassislari ishtirokida «Kutubxona zamonaviy inson hayotida. Rossiya va O‘zbekiston tajribasi» mavzusidagi professional rivojlanish dasturi doirasida «Kutubxona — mamlakat taraqqiyotining muhim milliy resursi» mavzusida taqdimot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir Rossiya va O‘zbekiston kutubxonachiligi sohasida shakllangan ilg‘or tajribalarni o‘rganish, o‘zaro tajriba almashish, sohaning zamonaviy tendensiyalari va istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish, shuningdek, ikki mamlakat kutubxonalari o‘rtasidagi kasbiy hamda xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga qaratildi.
Tadbirda O‘zbekiston va Rossiya kutubxonachilik sohasining yetakchi mutaxassislari ishtirok etib, kutubxona tizimining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari, kutubxonalarning davlat va jamiyat hayotidagi strategik ahamiyati, xorijiy adabiyotlar bilan ishlash tajribasi, yoshlar auditoriyasi bilan zamonaviy muloqot usullari hamda tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida taqdimotlar o‘tkazdi.

Ma’ruzalar davomida Rossiya kutubxonalarining davlat ahamiyatiga molik jihatlari, Rossiya davlat yoshlar kutubxonasining yoshlar bilan ishlash borasidagi tajribasi, Rossiya Davlat ommaviy tarixiy kutubxonasining tarixiy manbalarni saqlash va ilmiy muomalaga kiritishdagi faoliyati, shuningdek, xorijiy adabiyotlar kutubxonalarining axborot-ma’rifiy imkoniyatlari xususida fikr va mulohazalar bildirildi.
Taqdimotlar jarayonida kutubxonalarning jamiyat intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishdagi o‘rni alohida ta’kidlandi. Zamonaviy kutubxona nafaqat kitob va axborot manbalarini saqlovchi maskan, balki insonning bilim olishi, ijodiy va intellektual rivojlanishi, kasbiy ko‘nikmalarini oshirishi uchun muhim ijtimoiy-ma’rifiy makon sifatida namoyon bo‘layotgani qayd etildi.
Shuningdek, yosh avlodni kitob mutolaasiga jalb etish, ularning axborotdan samarali va to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, raqamli texnologiyalardan foydalangan holda kutubxona xizmatlarini takomillashtirish, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish hamda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib qilish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tadbir ishtirokchilari kutubxonalarning zamonaviy ijtimoiy institut sifatidagi vazifalari kengayib borayotganini, bu esa sohada yangi xizmat turlari, raqamli resurslar, innovatsion yondashuvlar va foydalanuvchilar ehtiyojlariga mos zamonaviy formatlarni joriy etishni taqozo etayotganini ta’kidladi.
Taqdimotlar yakunida ishtirokchilar o‘rtasida savol-javob va ochiq muloqot tashkil qilinib, kutubxonachilik sohasidagi dolzarb masalalar, mavjud tajribalar va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi. Bunday professional muloqotlar ikki mamlakat mutaxassislari o‘rtasida yangi kasbiy aloqalarni shakllantirish va mavjud hamkorlikni yanada kengaytirish uchun muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Tadbir yakunida rossiyalik mehmonlar uchun O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bo‘ylab maxsus ekskursiya tashkil etildi. Ekskursiya davomida mehmonlar kutubxona fondlari, zamonaviy infratuzilmasi, axborot-resurs markazlari, elektron resurslar hamda foydalanuvchilarga ko‘rsatilayotgan zamonaviy xizmatlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, kutubxonaning ilmiy-ma’rifiy va madaniy yo‘nalishlardagi faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
N.Usmonova,
O‘zA