Kutubxona – bag‘rikenglik maskani
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan "Yangi O‘zbekiston kitob va kutubxonadan boshlanadi" mavzusida ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
"Bag‘rikenglik haftaligi" doirasidagi ushbu tadbirga ijodkor ziyolilar, talaba-yoshlar, milliy madaniy markazlarning vakillari taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Azamat Toshev va boshqalar mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirish borasidagi ibratli ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi.
[gallery-9646]
Bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarda o‘zbek adabiyotini faol targ‘ib etish bilan birga turli millat va elat vakillarining ijod namunalarini kitob holida chop etishdek amaliy ishlar muhim o‘rin egallaydi.
– Yaxshi kitob insonga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi eng ishonchli do‘st sanaladi, – dedi Respublika turkman milliy madaniy markazi rahbari Guldona Avezdurdiyeva. – O‘z tilimizda kitoblar chop etish uchun kerakli barcha sharoitlar yaratilgan. Markazimiz bu imkoniyatlardan to‘liq foydalanib kelmoqda. Ijtimoiy grantlar asosida yurtimizdagi barcha millatlar o‘z tilida kitob chop etmoqda. O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning "Sen bahorni sog‘inmadingmi?" she’riy to‘plami turkman tilida nashr etildi. Maxtumqulining ijodi ham dunyoda eng ko‘p o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Kelgusida shoirning she’rlarini yana o‘zbek tiliga o‘girib, kitob holida nashr etish ko‘zda tutilgani e’tiborlidir.
–- Kutubxona eng bag‘rikeng ma’rifat maskanidir, – dedi Respublika rus milliy madaniy markazi rahbari o‘rinbosari Tatyana Alimxo‘jayeva. – Negaki, kutubxonaga kelgan insondan uning millati, ijtimoiy holati, dini, irqi surishtirilmaydi. Bugun yangilanish sari yuz burgan O‘zbekistonimizda bolalarni birinchi sinfdanoq kutubxonalarga a’zo qilish maqsadga muvofiqdir. Negaki, ularni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrashda kutubxonaning ahamiyati beqiyos. Zotan, yurtimiz ijodkor ziyolilarining shakllanishida kutubxonalar asosiy o‘rin egallagani yaxshi ma’lum.
Anjumanda kitobxonlikni rivojlantirish istiqbollari xususida batafsil so‘z yuritildi. Turli millat va elat vakillari o‘z she’rlaridan namunalarni o‘qib berdilar.
Milliy madaniy markazlarning badiiy jamoalari Ishtirokida musiqiy dastur namoyish etildi.
Nazokat Usmonova,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA