Kursantlar “Vatanga qasamyod” qildi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida birinchi bosqich kursantlarining “Vatanga qasamyod” qabul qilish tantanali tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda akademiya boshlig‘i, yuridik fanlari doktori professor polkovnik Muzaffarjon Mamasiddiqov so‘zga chiqib, “Yangi O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida favqulodda vaziyatlarni oldini olish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash, qutqaruv tizimini zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash va eng muhimi, vatanparvar kadrlarni tayyorlashga katta e’tibor qaratilganini ta’kidladi.

Qutqaruvchilik kasbi bu shunchaki xizmat emas, balki jon fido etishga tayyorlikni talab qiladigan sharafli va muqaddas burchi ekanligini, bu kasb inson hayotini asrash, xalq og‘irini yengil qilish, yurtning osoyishtaligi uchun qo‘yilgan qadam ekanligini e’tirof etdi.

Shuningdek, tadbirda so‘zga chiqqanlar istiqlolimizning 34 yilligi kabi xalqimiz uchun ulug‘ va aziz bayram bilan muborakbod etgan holda, bugungi ulug‘ sana barchamiz uchun iftixor manbai bo‘lsa, “Vatanga qasamyod” marosimi uning ma’naviy davomi bo‘lganligini ta’kidladi.

Tadbir yakunida taniqli san’atkorlarning vatannni madh etuvchi kuy – qo‘shiqlari va chiqishlari bayram shukuhiga yanada zavq ulashib, barcha ishtirokchilar va taklif etilgan mehmonlarda iliq taassurotlar qoldirdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA