Kursantlar Vatanga qasamyod qildi
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida birinchi bosqich kursantlarining qasamyod qabul qilish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda favqulodda vaziyatlar vaziri, general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev hamda akademiya boshlig‘i, general-mayor Ravshan Haydarov akademiyaning birinchi bosqichiga qabul qilingan kursantlarni tabriklab, mazkur tantanali tadbir ular uchun faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otish bilan bir qatorda, ulkan mas’uliyat va tanlagan kasbiga umrbod sodiqlikni ham talab etishini alohida ta’kidladi. Qayd etilganidek, tabiiy va texnogen tusdagi ofatlar bilan kurashib, o‘z jonlarini xatarda qoldirib, ko‘plab insonlarning hayoti, mol-mulklarini saqlab qolish –beqiyos insoniy fazilat va eng sharafli xizmatdir.


— G‘urur, sadoqat va oriyatni eng oliy qadriyat deb biladigan yigit uchun bu shunchaki rasmiy tadbir emas, balki yigitlik sha’ni, or-nomusini o‘rtaga qo‘yib, o‘z zimmasidagi mas’uliyatli hamda sharafli burchni ado etishga bel bog‘lash, ahd-paymon qilish marosimidir, – deydi Shohjahon Nurillayev. — Bugun men orzuimga yetishish yo‘lida FVV akademiyasiga o‘qishga kirib, jonajon vatanimizga, xalqimizga munosib farzand bo‘lib, fuqarolarimizning hayoti, sog‘ligi va xavfsizligini ta’minlash uchun bor kuch-g‘ayratimni ayamay xizmat qilishga tantanali qasamyod qildim.


— Oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish har bir yigit kishining orzusi bo‘lsa kerak, — deydi birinchi bosqich kursanti Husan Mo‘minov. — Bugun Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining kursanti bo‘lishdek baxtga muyassar bo‘lish bilan birga, barcha safdoshlarim bilan ona Vatanimizga qasamyod qilganimizdan faxrlanamiz. Men safdoshlarim bilan birga shuni alohida ishontirib ayta olamanki, jonajon Vatanimizga, Prezidentimizga, xalqimizga sadoqatli xizmat qilib, o‘z yigitlik burchimizni mardonavor ado etamiz.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA