Kursantlar bildirilgan ishonchni oqlashga va’da berdi
Bundan ikki oy oldin Ichki ishlar vazirligi akademiyasida iqtidorli kursantlar kengashi tashkil etilgan edi.
Kuni kecha ta’lim muassasasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov kengashga a’zo yoshlar bilan uchrashdi.
Mamlakat istiqboli unib-o‘sib kelayotgan navqiron avlodning bilim salohiyati, ezgu maqsad sari intilishiga bog‘liq. Shu ma’noda, yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik qilish yurtimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Kelajagimiz vorislari uchun yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar ularning bilim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, bir so‘z bilan aytganda, hayotda munosib o‘rin topishida muhim poydevor bo‘lmoqda.
– Bugun qay bir sohani olmang, kuchli raqobat muhiti hukm surmoqda, –dedi o‘quv dargohi boshlig‘i polkovnik Rustam Xatamov. – Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlash tizimi ham yildan-yilga takomillashib bormoqda. Demak, yoshlarimizning bilim salohiyati, dunyoqarashi jamiyatimizda kechayotgan yangilanishlarga mos bo‘lishi kerak. Muhtaram Prezidentimiz “Yangi O‘zbekistonni yoshlar bilan birga quramiz!” deya yosh avlodga ulkan ishonch bildirdilar. Yoshlarimiz bu yuksak mas’uliyatni chuqur anglab, shijoat va intilishlarini buyuk maqsadlarga safarbar etishi lozim.
Ochiq muloqotda ichki ishlar organlari tizimidagi islohotlar, xususan, ta’lim jarayoniga tatbiq etilayotgan yangilanishlar va istiqboldagi vazifalar haqida ma’lumotlar berildi. Tengdoshlariga ibrat bo‘layotgan kursantlar so‘zga chiqib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
– Uchinchi Renessans poydevori yaratilayotgan tarixiy davrda yashayapmiz, – dedi 1-bosqich kursanti Muhammadmirzoxon A’loxonov. – Mamlakatimizning ertangi kuni biz kabi yoshlar qo‘lida ekan, buning uchun nafaqat o‘qib-izlanishimiz, balki ona Vatanga bo‘lgan mehru muhabbatimizni ham namoyon etishimiz kerak. Men tengdoshlarimni bilim olishga, ulkan imkoniyatlardan oqilona foydalanishga chorlab kelaman. Chunki biz jahon taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarning vorislari ekanimizni hech qachon unutmasligimiz kerak.
Samimiy ruhda o‘tgan tadbir davomida yoshlar tomonidan ilg‘or tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, yuridik ta’limga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari yoshlari o‘rtasida “Yosh ilmiy izlanuvchilar” klubini tashkil etish, o‘zaro hamkorlikda tajriba almashishni kuchaytirish, “Volontyor – kursantga madadkor” jamoatchilik guruhini tashkil etgan holda xorijiy tillarni mukammal bilgan kursantlar tomonidan o‘z tengdoshlari uchun mashg‘ulotlar o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yish, kursantlarning kasbiy bilimlarini mustahkamlash maqsadida mutaxassislik yo‘nalishlari o‘rtasida bilimlar bellashuvlarini o‘tkazib borish, sayyor sud majlislarini o‘tkazishga mo‘ljallangan maxsus o‘quv-metodik xona barpo etish, vazirlik tasarrufidagi akademik litseylar hamda o‘rta ta’lim maskanlarida huquqiy targ‘ibot tadbirlarini olib borish, xorijning turdosh oliy ta’lim muassasalarida qo‘llanilayotgan ilg‘or tajribalarni o‘quv jarayoniga keng tatbiq etish borasida bildirilgan mulohazalar qo‘llab-quvvatlandi.
Akademiya boshlig‘i kadrlar tayyorlashga bo‘lgan ehtiyoj va talabdan kelib chiqib amaliyotga yangi mexanizmlar joriy qilinayotgani, tizim faoliyatining samaradorligini yuksaltirish yoshlarning yetuk salohiyati, kasbiy bilim va ko‘nikmalarni mukammal egallashi bilan chambarchas bog‘liq ekanligini alohida ta’kidladi.
– Iqtidorli kursantlar kengashi o‘z mavqei va nufuziga munosib bo‘lishi kerak, – dedi R.Xatamov. – Bu yerda yig‘ilganlar tengdoshlariga o‘rnak bo‘lish barobarida, ilg‘or g‘oya va tashabbuslari bilan yoshlarni bir maqsad sari birlashtirishda faol bo‘lishlari kerak. Innovatsion va kreativ fikrlash, zamonaviy texnologiyalar va tillarni mukammal o‘rganish, o‘z kasbining sir-asrorlarini puxta o‘zlashtirish yoshlarimiz uchun hayotiy shior bo‘lsin. Chunki ilm-ma’rifatsiz hech bir soha taraqqiyotga erishmaydi.
Muloqot so‘nggida ta’lim muassasasi oldida turgan ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashildi. Jumladan, kengashning iqtidorli kursantlari muntazam ravishda rag‘batlantirib borilishi, ularning munosib bilim olishi va xorij tajribasini o‘rganishi uchun keng imkoniyatlar yaratilishi, o‘qish davomida erishayotgan yutuqlari respublika miqyosida ommalashtirilishi, shuningdek Akademiyani muvaffaqiyatli tamomlaganlaridan so‘ng hududlardagi jamlovchi ichki ishlar organlariga lavozimga tayinlashda ustunlik berish to‘g‘risida tavsiyanomalar yuborilishi aytib o‘tildi.
Yoshlar bildirilgan ishonchning qadriga yetib, kelgusidagi faoliyatlarini “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!” degan ezgu tamoyil asosida davom ettirishga, zimmalariga yuklatilgan mas’uliyatni munosib oqlashga va’da berdilar.
Jamshid XOLOV,
IIV Akademiyasi Axborot xizmati xodimi