Kunduzgi parvarish xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar uchun qanday talablar mavjud? (+video)
Jamiyatda nogironligi bo‘lgan bolalarning oilaviy muhitga bo‘lgan huquqlarini kafolatlash, ularga to‘siqsiz muhit yaratib berish, g‘amxo‘rlik qilish va ta’lim olishlarini kafolatlash zaruriyati mavjud.
Mamlakatimizda joriy yil 1 martdan 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yilmoqda. Kunduzgi parvarish xizmatiga oid faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanadi, xizmatdan foydalanuvchi ota-onalarga soliq imtiyozlari beriladi.
Unga ko‘ra, 2025 yil 1 martdan boshlab, Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kunduzgi parvarish xizmati faoliyatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga davlat subsidiyalari ajratiladi. Bunda subsidiya miqdori 3-7 yoshli bolalar uchun – har bir kunlik tashrifga bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizi hamda 7-18 yoshli bolalar uchun – har bir kunlik tashrifga bazaviy hisoblash miqdorining 27 foizi miqdorida subsidiya hisoblangan.
Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida subsidiya miqdori 1,1 baravar ko‘paytiriladi. Kambag‘al oilalar bolalari uchun subsidiya yana 30 foiz oshiriladi.
Agar bola kunduzgi parvarish markazidan 3 km uzoqda yashasa va xususiy sherik transport tashkil qilsa, har bir qatnash kuniga qarab, bir oy uchun bazaviy hisoblash miqdorining 75 foizigacha kompensatsiya to‘lanadi.
2027 yil 1 iyulga qadar kunduzgi parvarish xizmatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlik sub’ektlariga Markaziy bankning asosiy stavkasida davlat-xususiy sheriklik loyihasi bo‘yicha mebel va jihozlar xaridi uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Bunda, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarida ishtirok etayotgan banklarga imtiyozli kredit ajratish uchun Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt past stavkada 30 milliard so‘mgacha miqdorda resurs ajratiladi.
Xo‘sh, kunduzgi parvarish xizmati ko‘rsatish qay tartibda tashkil etiladi? Bunday xizmatni ko‘rsatuvchi tadbirkorlar uchun qanday talablar mavjud?
Mazkur savollar yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Farhod Komilov ma’lumot berdi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/sTxBUGe4t5c" title="Kunduzgi parvarish xizmatini koʻrsatuvchi tadbirkorlar uchun qanday talablar mavjud?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA