Kun tarixi: Qashqadaryo viloyati tashkil etilganiga 100 yil to‘ldi
Vatanimiz tarixidagi 1 noyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1404 yil (bundan 620 yil oldin) – Amir Temur saltanati poytaxti Samarqandga kelgan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning o‘z kundaliklarida qayd etishicha, Sohibqiron saroyiga tashrif buyurgan elchilar birinchi noyabr juma kuni Amir Temurdan o‘z yurtlariga qaytishga ruxsat olish uchun uning oldiga bordilar. Sohibqiron bu vaqtda qurilishi davom etayotgan Bibixonim jome masjidida edi. Elchilar ertalabdan tushgacha shu yerda bo‘lishdi. Tushlik vaqtida Sohibqiron chodirdan chiqib, elchilar bilan birga tushlik qildi.
Amir Temur tushlikdan so‘ng nabirasi, Kichik Hindiston podshohi Pirmuhammadni o‘z mulkiga kuzatayotgani uchun elchilarni qabul qila olmasligini aytib, ulardan uzr so‘radi. O‘sha kuni Sohibqiron nabirasi Pirmuhammadga, uning mulozimlari bilan birga kelgan yasovullarga ko‘pgina otlar, sarpo-suruq hamda qurol-yarog‘lar sovg‘a qildi.
Ertasi kuni ikkinchi noyabrda Sohibqiron amri bilan elchilar yana uning huzuriga tashrif buyurdilar. Biroq Sohibqiron sog‘lig‘i yomonligi bois chodirdan tashqariga chiqmadi. Elchilar u, odatda, chodirdan maydonga chiqadigan tush paytigacha kutishdi. Shundan keyin Sohibqironning uch kishidan iborat a’yonlaridan biri chiqib, Amir Temur chiqa olmasligini, elchilar o‘z joylariga qaytib borishlarini aytdi. Bu vaqtda Amir Temur og‘ir betob edi.
1903 yil (bundan 121 yil oldin) – davlat va siyosat arbobi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan binokor Amin Niyozov tavallud topdi (vafoti 1973 yil). U 1947–1950 yillarda O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumi raisi, 1950–1955 yillarda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti Birinchi kotibi sifatida faoliyat yuritgan.
1920 yil (bundan 124 yil oldin) – Buxoro Xalq Sovet Respublikasi rahbariyati Toshkentda Buxoro Bosh konsulxonasini ochdi.
1924 yil (bundan 100 yil oldin) – Qashqadaryo viloyati tashkil etildi. U 1927 yil 17 fevraldan 1938 yil 15 yanvargacha Qashqadaryo okrugi maqomida bo‘ldi. 1938 yil 15 yanvarda Buxoro viloyatiga qo‘shib yuborildi. 1943 yil 20 yanvarda qayta tashkil etildi. 1960 yil 25 yanvarda Surxondaryo viloyatiga qo‘shib yuborildi. 1964 yil 7 fevraldan yangidan tashkil etildi.
1942 yil (bundan 82 yil oldin) – G‘arbiy frontda o‘zbek tilidagi “Qizil askar xaqiqati” gazetasi nashr etila boshlandi. 1943 yil oktyabr oyiga kelib G‘arbiy frontning nomi o‘zgarishi munosabati bilan gazeta 3-Belorussiya frontining siyosiy boshqarmasi organiga aylantirildn. Gazeta tahririyati tarkibi o‘zbek yozuvchilari Adham Rahmat, Ibrohim Rahim, Rahmat Fayziy, Ma’ruf Hakim va mas’ul muharrir Ya.Fomenkodan iborat bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan tahririyat a’zolarida tegishli o‘zgarishlar bo‘lgan.
1956 yil (bundan 68 yil oldin) – O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari boshqarmasining tashabbusi bilan Sovet ittifoqida ikkinchi diniy ta’lim muassasasi – Baroqxon madrasasi o‘z faoliyatini boshladi. Tarixchi Z.Xalilovaning qayd etishicha, bu ta’lim muassasasining vazifasi islom dinining asoslarini o‘qitish va din xizmatchilarini tayyorlashdan iborat bo‘lib, o‘qish muddati 7 yil (boshlang‘ich – 4 yil va o‘rta ta’lim – 3 yil) etib tasdiqlangan.
1971 yil (bundan 53 yil oldin) – Toshkentda Imom Buxoriy nomidagi Oliy musulmon diniy o‘quv yurti ochildi. Unda o‘quv muddati 4 yil bo‘lib, 25 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan, o‘rta diniy va sovet maktabi ma’lumotiga ega bo‘lgan talabalar qabul qilingan.
1991 yil (bundan 33 yil oldin) – Toshkentda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining birinchi ta’sis qurultoyi bo‘lib o‘tdi.
1993 yil (bundan 31 yil oldin) – «Qarshi» televideniyesi tashkil topdi. U 2000 yil 11 apreldan Qarshi shahar televideniyesi, 2009 yil 8 iyulda Qarshi teleradiokompaniyasi, 2011 yil 7 yanvardan «Qarshi» teleradiokanali sifatida ro‘yxatdan o‘tdi.
1993 yil (bundan 31 yil oldin) – O‘zbekistonda so‘m-kupon muomalaga kiritildi. Uning kursi oldin muomalada bo‘lib kelgan rublga tenglashtirildi. O‘zbekiston rahbariyati so‘m-kuponlar asosida zarur tajriba orttirdi, haqiqiy milliy valyutani joriy qilish tadbirlarini ko‘rdi.
2002 yil (bundan 22 yil oldin) – Shahrisabz shahrining 2700 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra, shaharga miloddan avvalgi birinchi ming yillikda asos solingan. Shahrisabz milod boshlarida va ilk o‘rta asrlarda turli nomlar bilan atalgan. O‘n uchinchi asrdan Shahrisabz nomi ham urf bo‘lgan.
Shahrisabz yaqinidagi, hozirgi Yakkabog‘ tumani hududidagi Xoja Ilg‘or qishlog‘ida Amir Temur tavallud topgan. Sohibqiron tavalludining 660 yilligi munosabati bilan 1996 yilda Shahrisabzda Amir Temur haykali o‘rnatildi, shahar “Amir Temur” ordeni bilan mukofotlandi. Shahrisabz 2002 yil dekabrda YUNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
2017 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini yanada mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2018 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 12 bob, 63 moddadan iborat.
2022 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Suv va salqin ichimliklarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2023 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Turkiy investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish to‘g‘risidagi Bitimni (Anqara, 2023 yil 16 mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonuni qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi