“Kulollar sayli” sayyohlarni chorlaydi
Ma’lumki, Farg‘ona viloyatining Rishton shahri qadimdan Markaziy Osiyodagi sirlangan sopol buyumlar markazi hisoblanadi. Rishtonlik kulollar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar o‘zining dizayni, tabiiy rangi va qalampir nusxali naqshlarga boyligi bilan ajralib turadi. Shunga ko‘ra, Rishton tumanida Turkiy xalqlar hunarmandchiligi forumi va uning doirasida “Kulollar sayli” bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Joriy yilning 12–14 may kunlari bo‘lib o‘tadigan forum va “Kulollar sayli” milliy kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi haqida “Hunarmand” uyushmasi axborot xizmati rahbari Nilufar Hotamova quyidagilarni ma’lum qildi.

–“Kulollar sayli” milliy kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazma-savdosida yurtimizdagi barcha kulolchilik maktablarining usta kulollari, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan sulola vakillari, xalq ustalarining mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkillashtiriladi. An’anaviy “Turkiy xalqlar hunarmandchiligi” forumida Rossiya, Polsha, Chexiya, Ozarbayjon, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Isroil, Turkiya, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston kabi 15 ga yaqin xorijiy mamlakatlardan soha mutaxassislari, olimlar va hunarmandlar ishtiroki rejalashtirilgan. Tadbirda O‘zbekistonning turli hududlariga xos bo‘lgan kulolchilik, maktablarining mashhur xalq amaliy san’ati ustalari tomonidan mahorat darslari ham tashkil etiladi.
Kulollar va boshqa hunarmandlarga shogird tushmoqchi bo‘lgan yosh havaskorlar bemalol tadbirlarda ishtirok etib, loydan kulolchilik mahsulotlarini yasashi, ularga naqsh berishi, pishitish jarayonlarida bevosita ishtirok etishlari mumkin.

Shuningdek, Rishtonda joylashgan “Shokir mingboshi keramik” va “Koron” kulolchilik markazlariga tashrif, kulolchilik mahsulotlari savdosi ham o‘tkaziladi.
Tarixdan ma’lumki, o‘rta asrlarda karvon yo‘llari chorrahasida joylashgan Rishton tez sur’atlarda rivojlanib, Buyuk Ipak yo‘lidagi asosiy to‘xtash joyi hamda savdo-sotiqning asosiy markaziga aylangan.
Keyinchalik bu yerda jome masjidi qurilgan. Kulollar chinni ishlab chiqarish usulini Qashg‘ar va Eron davlatlaridan olib kelgan. Rishton buyumlari, miniatyuralari jahondagi san’at shaydolari orasida ham katta shuhrat qozongan. Hech bir hududning kulolchilik namunalariga o‘xshamaydigan bu san’at asarlari AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Polsha, Shvetsiya, Iroq, Eron, Misr kabi mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda namoyish qilinishi va jahon ommasi e’tirofiga sazovor bo‘lishi Rishton kulollarining iste’dodidan dalolat beradi.
Rishtondagi usta Ibrohimjon Komilov, Bobojon Nishonov, Hakimjon Sattorov, Rustamjon Usmonov, Alisher Nazirov, Sharofiddin Yusupov, Tohirjon Haydarov singari mashhur kulollar yaratgan mahsulotlar hali-hanuz barchani hayratga solib kelmoqda.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA