Kuchlimiz, deganga kuch kelar...
Vaziyat taqazosi bilan bugun uydamiz
Vaziyat taqazosi bilan bugun uydamiz. Kimdir gulini parvarish qilyapti, kimdir daraxtini. Kimimiz oʻt-oʻchoq yonidamiz, boshqamiz kichkintoylar orasida... Bir qaraganda shifokorlar, ichki ishlar, mudofa xodimlari, yana bugunni taqazo bilan ishda oʻtkazayotganlardan tashqari barcha uyda, oʻz-oʻzicha yashayotgandek... Aslida unday emas. Aslida bugun oila bilan jamiyat har qachongidan ham koʻra yaqinlashgan. Hatto, umrida “Axborot”ga qiziqmaydigan, uni siyosatning bir boʻlagi deb hisoblaydigan, “biz kichkina odammiz, siyosatning oʻz kishilari bor”, deydiganlarning ham koʻzi televizor, telefonda.
– Ishqilib, bugun bemorlar koʻpaymabdimi?
– Yana sogʻayishibdimi? Xudoga shukur-yey, biz balodan xalos boʻlayotganimiz rost boʻlsin!
– Yangi dori ishlanayotgan ekanmi? Koshki, tojdor virusga zarba beradigan dori bizda topilsa! Ajab emas, Ibn Sino yurti axir!
Har bir narsada bir hikmat bor, deganlaridek, yuqoridagi soʻzlardan koʻrinib turibdiki, odamlarimiz maishiy hayotdan bir qadam balandga koʻtarilmoqda. Aksariyat paytlarda kiyim, husn tashvishi bilan yashaydigan ayollar jamiyat havosi bilan nafas olmoqda. Yaʼni odamlarimizda jamiyatga daxldorlik tuygʻusi kuchaydi. Bu jamiyat taraqqiyotida juda katta rol oʻynaydigan omildir. Bu tuygʻu insonning koʻksida mavjud xudbinlikni oʻldiradi. “Biz”ga, “Biz”likka eʼtiborni kuchaytiradi. Yana ham aniqroq ifoda etsak “Shu yurt, shu el bizniki, uning dardi, uning tashvishiga barchamiz birdek daxldormiz” degan tuygʻu, millatni millat, xalqni xalq qiladigan hissiyot koʻpchilikda uygʻondi.
Odamlar endi bu hissiyotni yoʻqotib qoʻymasligi, buni hammamiz shu sinovli kunlarning tuhfasi sifatida qabul qilishimiz shart, deb oʻylayman. Ha, bu kunlarning bizga boshqa tavsiyalari ham boʻlyaptiki, biz har birining qadriga yetmogʻimiz zarur. Oʻrni kelganida aytay: Xorazmda bir yaxshi odat bor: mehmon kelsa, dasturxonga oʻtirishidan oldin uy egalari (erkak boʻlsa oʻgʻil bola, ayol boʻlsa qiz yoki kelin) obdasta bilan qumgʻon koʻtarib kirib, qoʻlini yuvdiradi. Men Toshkentga kelgan dastlabki kunlarimda koʻchadan keliboq (charlar, toʻylarda) toʻgʻridan-toʻgʻri dasturxonga oʻtirishga koʻnika olmay yurganman. Xuddi yuviqsiz taom yeya boshlagandek oʻzimni noqulay his qilardim. Yaxshiyam, hoʻl salfetkalar chiqib, bu noqulaylikdan xalos boʻlganman. Nima demoqchiman? Bugun mana shu odat – uyga koʻchadan kiriboq qoʻl yuvish, taomdan soʻng, hatto pul ushlagandan soʻng buni takrorlash odati qaytdi. Xalqimiz maʼnaviyati, xalqning shaxsiyati bilan boʻlgan har qaytish yaxshilikkadir. Biz ish-uy orasida yuguraverib (ayniqsa ayollar) bolalarimiz, hatto, turmush oʻrtogʻimiz koʻnglidan uzoqlashgan edik. Onalik, ayollik vazifamizni – ularni yeb-ichirish, kiyintirish doirasida his qiladigan boʻlib qolgan edik. Uyda oʻtirib, arzandlarimiz bilan suhbatlashayapmiz. Ularning dunyolarini kashf qilyapmiz.
Telefonga yopishgani yopishgan, deya shikoyat qiladigan farzandlarimizga telefonni emas, oʻzimizni sevdirish muhimligini anglayapmiz. Bir singlim kecha qoʻngʻiroq qilib:
– Opa, oʻgʻlim tilshunoslikka qiziqar ekan, shu paytgacha payqamagan ekanman. “Oyi bu nima degani, bu nima degani” deb soʻzlarning maʼnosini soʻrayotgan edi, maxsus daftar tutdik. Shevada bor yoki unutilgan soʻzlar maʼnosini yozib, gap tuza boshladik. Shu qadar qiziq boʻlyaptiki mashgʻulotimiz, siz ham oʻz lahjangizdagi soʻzlarni yozib yuboring, – dedi.
Telefonlardagi maʼnisiz soʻzlashuvlar oʻrnini mana shu tarzdagi bilim beruvchi suhbatlar olgani qanday yaxshi!
Bu kunlar bizga faqat maʼnaviy, maʼrifiy emas, tibbiy bilimlar ham baxsh etayotgani, shubhasiz. Biz ommaviy axborot vositalaridagi shifokorlar tavsiyalari orqali tibbiy bilimlarimizni ham mustahkamlayapmiz. Eng muhimi, hayotimizda boʻshliq paydo boʻlmayapti. Prezidentimizning tojdor virus tarqalishining oldini olish, bu yoʻlda fidoyilik qilayotganlarni ragʻbatlantirish, aholining ijtimoiy muhofazasini mustahkamlash borasidagi farmon, qarorlari, murojaatlari yuqorida sanaganimiz – maʼnaviy, maʼrifiy, tibbiy bilimlarimizni mustahkamlash, shaxs sifatida yuksalish, millat sifatida jipslashish uchun katta turtki bermoqda, imkoniyat yaratmoqda.
Soʻzning ilohiy kuchi bor. Shuning uchun donishmandlarimiz yaxshi niyat qil, yaxshi soʻz ayt, deyishadi. Kelinglar, hammamiz har kuni, har soniya “Biz bu kasallikka yon bermaymiz, undan kuchlimiz” deya takrorlaylik. Va shu barobarida kuchli boʻlgan davrlarimizni, kuch bergan ulugʻ ajdodlarimizni, kuchli boʻlishga imkon beruvchi omillarimizni eslaylik. Shunda chindan ham tomirlarimiz, xotiralarimiz va yuragimizdan kuch keladi.
Qutlibeka Rahimboyeva,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi,
shoira.