Kuchli duatlonchilar aniqlandi
Qibray tumanida duatlon boʻyicha Toshkent shahar ochiq birinchiligi va chempionati oʻtkazildi.
Qibray tumanida duatlon boʻyicha Toshkent shahar ochiq birinchiligi va chempionati oʻtkazildi.
Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama sogʻlom voyaga yetkazish, sportga yanada keng jalb etish, xususan, texnik va amaliy sport turlari boʻyicha mahoratini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2018 yil 2 dekabrdagi “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi qarori bu borada muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilayotir.
Toshkent shahar “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan tashkil etilgan musobaqada sportchilar 4 yosh toifasi boʻyicha oʻzaro bahslashdi.
Musobaqaning 22 yosh va undan katta boʻlgan oʻgʻil bolalar oʻrtasidagi bahslarida A.Reshetnikov (Shayxontohur), qizlar oʻrtasida A.Bezuglova (Shayxontohur) birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.
1998-2000 yillarda tugʻilgan yoshlar oʻrtasidagi musobaqada ham Shayxontohur tumani vakillari raqiblariga nisbatan ustunlik qildi. Xususan, shu yoshdagi oʻgʻil bolalar oʻrtasidagi musobaqada ushbu tuman vakili U.Alimov, qizlar oʻrtasidagi bahsda ham shayxontohurlik Ye.Ryazanova gʻolib boʻldi.
2001-2003 yillarda tugʻilgan oʻgʻil bolalar oʻrtasida K.Xoʻjayev (Sergeli), qizlar oʻrtasida L.Sodiqova (Shayxontohur) shohsupaning eng yuqori pogʻonasidan joy oldi.
2004-2006 yillarda tugʻilgan oʻgʻil bolalar oʻrtasidagi bahslarda Shayxontohur tumani vakili R.Kornilov, qizlar oʻrtasida esa Mirobod tumani vakili Z.Abilova gʻolib boʻldi.
Chempionatda umumjamoa hisobida Shayxontohur tumani vakillari birinchi, Mirobod tumani duatlonchilari ikkinchi, Sergeli tumani sportchilari uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.