Kuchimiz birlik va mehr-shafqatda
Tarix instituti xodimlari “Oʻzbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat jamgʻarmasiga bir kunlik ish haqini oʻtkazib berdilar.
Tarix instituti xodimlari “Oʻzbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat jamgʻarmasiga bir kunlik ish haqini oʻtkazib berdilar.
Oʻzbeklar irodali xalq, bunga tarix guvohlik beradi. Millatimiz butun insoniyat singari necha ming sinovlar, tashvishlarni boshidan oʻtkazmadi, deysiz. Yer yuzi yaralgandan qanchadan-qancha yoʻqotishlar yuz bermadi, deysiz. Qaysidir xalq toʻfondan, yana biri vulqondan qoʻrqib yashaydi. Yana kimdir yer qimirlashidan. Ammo sogʻliq bilan bogʻliq xavfni odamlarda oʻzgacha tuyadilar. Oʻtmishda ham vabo, oʻlat va shunga oʻxshash yuqumli kasalliklar – epidemiya, pandemiyalar butun dunyoga raxna solgan, koʻplab kishilarning yostigʻini quritib, oʻzgacha vahimaga uygʻotgan. Olimlar, tabiblar ularni bartaraf etish yoʻllarini izlaganlar, topganlar. Pirovardida, inson bu kabi sinovli kunlardan gʻolibona oʻtolgan.
Yurt boshiga kelgan tashvishga oddiygina qarab turishning oʻzi uyat. Davlatimiz rahbari shaxsan bu borada kunu tun jonbozlik koʻrsatib, barcha zarur choralarni koʻrmoqda. Bu esa yuragida yurt va millat taqdiriga daxldorlik hissi bor har bir insonga kelajakka ishonch va umid tuygʻularini yana-da kuchaytiradi. Barchamiz uchun sinovli ushbu kunlarda bizdan talab qilinayotgani bitta: uyda qolish. Shuni ham eplay olmasak, biz uchun uyat boʻladi, albatta. Biz hatto xalqimizga boʻlgan katta va kechirib boʻlmaydigan xiyonat, degan boʻlardik.
Tojli virus tarqalishi munosabati bilan tugʻilgan vaziyatda institut rahbariyati davlatimiz rahbarining koʻrsatmalari, respublika maxsus komissiyasi tavsiyalaridan kelib chiqqan holda, jamoa aʼzolari orasida tushuntirish ishlarini olib bordi, tezkor tashkiliy ishlarni tashkil etdi. Yoshlari ulugʻ, voyaga yetmagan bolalari bor xodimlarga alohida eʼtibor berildi. Kasaba uyushmasi qoʻmitasi va institut maʼmuriyati kelishgan holda xodimlarni mehnat taʼtiliga chiqarish, ish haqi, taʼtil pullarini oʻz vaqtida toʻlab berish va ularning xavfsizligini taʼminlash yuzasidan barcha zarur choralarni koʻrdi. Hozirda olimlarimiz mehnat taʼtilidaliklariga qaramasdan, oʻz ilmiy faoliyatlarini davom ettirmoqdalar, institut bilan bogʻliq yumushlarni esa onlayn tarzda olib bormoqdalar.
Yurt boshiga tushgan sinov – tojli virus tarqalishiga qarshi kurashish, kundan-kunga mustahkamlanib borayotgan milliy birlik jarayoniga oʻz ulushini qoʻshish maqsadida Tarix institutining barcha ilmiy xodimlari oʻz xohishlari bilan “Oʻzbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat jamgʻarmasiga bir kunlik ish haqini oʻtkazib berishga qaror qildilar hamda qisqa vaqt ichida buning uddasidan chiqdik.
Koʻz tegmasin, bugun jamoada ham, har bir olim oilasida ham birdamlik bor. Oilalarimiz ham karantin qoidalariga amal qilmoqda. Farzandlarimiz uyda darslarini tayyorlab, kitob mutolaasiga mehrlari yana-da oshmoqda. Farzandlarimizning darslardan qolib ketishi haqida oʻylamasak ham boʻladi. Ular telekanallar orqali darslarni tinglamoqda, internetdan vazifalarini bilib-bilib bajarmoqda.
Bir narsani unutmasligimiz kerak: bu xavfni bartaraf etishimiz uchun birgalikda harakat qilishimiz kerak. Xalqimizda birlashgan oʻzar, deb bekorga aytilmagan. Keling birgalikda karantin qoidalariga amal qilaylik, xavfni birgalikda yengaylik.
Muxtor Shamsiyev,
FA Tarix instituti Kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi