Kubok turniri g‘oliblari aniqlandi
Navoiy shahridagi “So‘g‘diyona” o‘yingohida yoshlar o‘rtasida sportning an’anaviy mini-futbol turi bo‘yicha “NKMK Bosh direktor kubogi” turniri o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 4 dekabrdagi “Jamoaviy sport turlarini rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tizimida 2025 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish chora-tadbirlar rejasiga asosan ushbu turnirning saralash bosqichlari o‘tkazildi. Turnir Markaziy, Shimoliy, Janubiy, “Qizilqum” kon boshqarmalari, Navoiy mashinasozlik zavodi, Zarafshon qurilish boshqarmasi, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalar boshqarmasi hamda Navoiy maydoni bo‘linmalarida bo‘lib o‘tdi.

Saralash bosqichlarida jami 305 ta jamoa ishtirok etib, 3 ming nafarga yaqin yoshlar qamrab olindi va yakunda 8 ta jamoa “NKMK Bosh direktor kubogi” turniriga yo‘llanma oldi.

– Bu yilgi turnir oldingilarga qaraganda katta tayyorgarlik, jamoalar faolligi, eng muhimi, adolatli va ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi, – deydi NKMK yoshlari yetakchilari Kengashi raisi Sanjar Rajabov. – Kombinat ma’muriyati, kasaba uyushmasi Kengashi yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdi. Bunday musobaqalar, tadbirlarni tashkil etish yoshlarimizning birdamligini oshiradi. Ularning sport sohasidagi mahoratini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

Uch kun davom etgan turnirda “Qizilqum” kon boshqarmasi jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, kubok sohibiga aylandi. Navoiy mashinasozlik zavodi jamoasi 2-o‘rin, Shimoliy kon boshqarmasi jamoasi esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, turnirda Shimoliy kon boshqarmasi xodimi Shahzod Toshpo‘latov “Eng yaxshi to‘po‘rar”, “Qizilqum” kon boshqarmasi xodimlari Begzod Ibragimov va Ahror Umurzoqovlar “Eng yaxshi darvozabon” hamda “Eng yaxshi o‘yinchi” nominatsiyalariga loyiq deb topildi.
Barcha g‘olib va sovrindorlar pul mukofotlari hamda statuetkalar bilan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri