Kubok bahslari qizg‘in
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi bahslarining nimchorak finalida ishtirok etadigan jamoalar nomi aniqlandi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi bahslarining nimchorak finalida ishtirok etadigan jamoalar nomi aniqlandi.Toshkentning “Oqtepa” jamoasi o‘z maydonida Farg‘onaning “Neftchi” klubini 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. “Oqtepa” jamoasidan Timur Hakimov raqib darvozasini ikki marta ishg‘ol qilgan bo‘lsa, Sergey Rekun va Sobir Usmonxo‘jayev bittadan to‘p kiritdi. “Neftchi” jamoasining yagona goliga Sherzod Hakimov mualliflik qildi. Toshkentning yana bir jamoasi – “Obod” esa “Qizilqum” (Navoiy) ustidan 5:2 hisobida g‘alaba qozondi.
“Bunyodkor-2” (Toshkent) Bekobodning “Metallurg” klubiga 3:5 hisobida mag‘lub bo‘ldi va nimchorak finalda ishtirok etish imkoniyatini boy berdi. “Navbahor” (Namangan) jamoasi “Alanga”ni (Koson) 3:0 hisobida yenggan bo‘lsa, “Andijon” (Andijon) va “Mash’al-2” (Muborak) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda 1:0 hisobi qayd etildi.
Toshkentning “Paxtakor-2” jamoasi a’zolari Samarqandning “Dinamo” klubi darvozasiga javobsiz ikkita to‘p kiritib, nimchorak finalga yo‘l olgan bo‘lsa, “NBU-Osiyo” (Toshkent) “Buxoro” (Buxoro) jamoasiga 1:4 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Musobaqaning qolgan natijalari quyidagicha: “Uz-Dong-Ju” (Andijon) – “So‘g‘diyona” (Jizzax) 2:3, “Qo‘qon – 1912” (Qo‘qon) – “Xotira–79” (Uychi) 2:1, “Mash’al” (Muborak) – “Sherdor” (Samarqand) 2:0, “Sementchi” (Quvasoy) – “Olmaliq” (Olmaliq) 3:2, “Sho‘rtan” (G‘uzor) – “Orol” (Nukus) 1:0.
Shu tariqa o‘n ikkita jamoa O‘zbekiston kubogining nimchorak finaliga yo‘llanma oldi. Mamlakat chempionatining oliy ligasida qatnashayotgan Toshkentning “Bunyodkor”, “Paxtakor”, “Lokomotiv” va Qarshining “Nasaf” jamoalari kubok bahslarini ushbu bosqichdan boshlaydi.