Kubaga Rossiya neft tankeri uchun yo‘l ochildi
AQSH Prezidenti Donald Tramp Kubaga nisbatan amal qilayotgan keskin iqtisodiy cheklov asnosida kutilmagan qaror qabul qilib, Rossiyaga tegishli neft tankeri Kuba portiga kirishiga qarshilik qilmasligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Kubadagi mavjud siyosiy tizim o‘zgarish arafasida bo‘lishi mumkin, biroq mamlakat aholisi hozir og‘ir energetik tanqislikni boshdan kechirmoqda.
Shu bois oddiy fuqarolarning kundalik ehtiyojini inobatga olib, neft yetkazib berishga ruxsat berilgan. Yetakchining fikricha, bir tanker kiritilishi mamlakatdagi siyosiy vaziyatni o‘zgartirmaydi, ammo aholiga ma’lum darajada yengillik yaratadi. So‘nggi oylarda Kubada neft tanqisligi jiddiy sezilmoqda. AQSHning Venesuela neft eksportiga nisbatan cheklovi va boshqa davlatlarga bosimi natijasida mamlakatga yonilg‘i kirib kelishi keskin qisqargan. Bu esa elektr ta’minoti uzilishi, benzin taqchilligi va yonilg‘i me’yor asosida taqsimlanishiga olib kelgan. Ayniqsa, shifoxonalar faoliyati jiddiy salbiy ta’sirga uchragan. RFning sanksiya ostidagi “Anatoliy Kolodkin” neft tankeriga taxminan 650-730 ming barrel xom neft ortilgan. Bu miqdor odatiy sharoitda ikki yarim haftaga, tejamkorlik bilan ishlatilsa, bir oyga yetadi. AQSH Sohil qo‘riqlash xizmati ushbu kemani to‘xtatmaslikka qaror qildi. Mutaxassislar mazkur qarorni xalqaro vaziyat bilan bog‘lamoqda. Ya’ni, Yaqin Sharqdagi keskinlik va neft bozoridagi beqarorlik tufayli cheklov sorachi nisbatan yumshatilyapti. Qolaversa, AQSH rahbariyati keyinchalik Kubadagi siyosiy vaziyatga yanada jiddiy e’tibor qaratishini bildirgan.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA