Kriket: Hindiston jamoasi mag‘lub etildi
Jamoaviy sport turlaridan sanalgan kriket dunyo miqyosida ommaviyligi jihatdan futboldan keyingi o‘rinda turishini ko‘pchilik yaxshi bilsa kerak.
Mazkur sport turini mamlakatimizda ham keng ommalashtirish maqsadida O‘zbekiston kriket federatsiyasi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Kriketni keng targ‘ib etish va rivojlantirish, ayniqsa, yoshlar orasida ushbu sport turini ommalashtirish, qolaversa, iqtidorli sportchilarni aniqlash va terma jamoalarga jalb etish maqsadida poytaxtimizdagi «Yoshlik» sport majmuasida O‘zbekiston kriket federatsiyasi Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorligida kriket bo‘yicha o‘rtoqlik musobaqasi o‘tkazdi.
Mazkur hamkorlikdagi do‘stona uchrashuvda Toshkentning «Anfa» kriket klubi jamoasi Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari hamda mamlakatimizda yashab, turli sohalarda mehnat qilayotgan hindistonliklardan iborat “India Club Tashkent” klubi jamoasiga qarshi bahs olib bordi.

Ayni paytda kriket bo‘yicha jamoalarimiz orasida yetakchilik qilayotgan «Anfa» kriket klubi jamoasi tajribali raqib jamoaga munosib qarshilik ko‘rsatdi. Ikki bo‘limdan iborat bo‘lgan shiddatli va murosasiz o‘yinda hamyurtlarimiz hindistonliklarni 2 ochko farqi bilan (119:121) mag‘lub etishning uddasidan chiqishdi.
Manish PRABHAT,
Hindistonning mamlakatimizdagi
Favqulodda va muxtor elchisi:
– Bizni ushbu o‘yinga taklif etgani uchun O‘zbekiston kriket federatsiyasiga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Bugun muhim kun. Boisi, O‘zbekiston kriket federatsiyasining «Anfa» kriket klubi jamoasi hamda mahalliy hindlar klubi o‘zaro bellashdi. O‘yin judayam qiziqarli kechdi. Kriket sporti Hindistonda judayam mashhur sport turi hisoblanadi va Hindiston kriketchilar dunyodagi eng kuchlilar safida e’tirof etiladi.
O‘zbekistonda ham kriket bo‘yicha shunday yaxshi jamoa shakllanib kelayotganidan juda xursandman. Hindiston elchixonasi tomonidan qo‘limizdan kelgancha O‘zbekistondagi kriketni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilamiz.
Aziz MIXLIEV,
O‘zbekiston kriket federatsiyasi raisi:
– Hamkorlikda tashkil etilgan o‘rtoqlik uchrashuvida ko‘rib turganingizdek, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan hindistonlik, Pokiston va afg‘onistonlik do‘stlarimiz muxlis sifatida ham kelib, chuqur hayajon bilan o‘yinni kuzatishdi. Mazkur o‘ziga xos tarzda tashkil etilgan o‘rtoqlik uchrashuvi ham kriketning ommaviyligini ta’minlashda, yoshlar orasida rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Qolaversa, «Anfa» jamoasi vakillari uchun bu kabi o‘yinlar tajribalarini boyitishga xizmat qiladi.
Shu o‘rinda bevosita federatsiyamizning rivojlanishi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar xususida gapiradigan bo‘lsam, avvalo biz xalqaro maydonga chiqishimiz uchun Xalqaro kriket kengashi tomonidan ayrim talablar qo‘yilgan va shu talablar ustida jadal suratlarda ish olib boryapmiz.
XKKning asosiy talablariga ko‘ra, O‘zbekiston kriket federatsiyasining o‘z hisobida bo‘lgan ikkita kriket maydoni bo‘lishi shart. Shuningdek, erkaklar va ayollardan iborat sakkiztadan jamoalar tashkil etilishi kerak.
Biz hozirda kriket maydonchalarining qurilish jarayonlari, jamoalarning shakllantirish ishlariga asosiy e’tiborni qaratganmiz. Bundan tashqari, kriketni doimiy tarzda ommaga keng targ‘ib etish, yoshlarni kriketga jalb etish va rivojlantirish maqsadida har oyda musobaqalar, tadbir va o‘rtoqlik uchrashuvlar tashkil etib boramiz.
Oybek YUNUSOV, O‘zA