Kredit to‘lanmasa issiqxona sotiladi
Hozirgi kunda yurtimizda 3 mingdan ortiq issiqxonalar faoliyat olib bormoqda. Biroq, ayrim issiqxona xo‘jaliklarida kredit, soliq, tabiiy gaz va elektr energiyasi to‘lovlari bo‘yicha qarzdorliklar yuzaga kelmoqda.
Misol uchun Buxoro viloyati Kogon tumanlararo iqtisodiy sudining 2022 yil 12 sentyabrdagi ijro hujjatiga asosan qarzdorlar “Kogon xo‘jayi jahon Plyus” mas’uliyati cheklangan jamiyati va “Economy Trade Line” fermer xo‘jaligidan undiruvchi AT Xalq banki foydasiga 4.829.344.608 so‘m undirish, undiruvni “Economy Trade Line” fermer xo‘jalik balansida bo‘lgan Kogon tumani, “Tutkunda” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan umumiy yer maydoni 21.340,8 kv. metr va umumiy foydali maydoni 21.340,8 kv. metr bo‘lgan issiqxona binosiga qaratish haqidagi ijro hujjati Byuroning Kogon tumani bo‘limi ish yurituviga 2022 yil 21 noyabrda kelib tushgan va ijro harakatlariga kirishilgan.
Ijro harakatlari davomida qarzdorlarga ijro hujjati mazmun mohiyati to‘liq tushuntirilgan va bartaraf etish uchun ixtiyoriy muddat berilgan. Bo‘lim xodimlari tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davomida mavjud qarzdorlikdan 3.253.171.401 so‘m undirilgan.
Biroq, qarzdorlik to‘liq bartaraf qilinmaganligi sababli, ijro harakatlari jarayonida undiruv garov mulkiga qaratildi. Natijada “Economy Trade Line” fermer xo‘jalik balansida bo‘lgan garov mulki hisoblangan issiqxona binosi xatlangan va sotuvga chiqarish uchun tegishli tartibda baholangan.
Hozirda issiqxona “E-auksion” elektron savdo maydonchasi orqali sotish uchun savdoga chiqarilgan. Kelgusida issiqxona sotuvidan tushgan mablag‘lar hisobidan qarzdorlikni to‘liq qoplash choralari ko‘riladi.
Hozirda ijro harkatlari davom ettirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA